Xonto‘raevning vafoti bo‘yicha jinoiy ish ochildi

O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘raev vafot etgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. 
Ma’lum qilinishicha, holat bo‘yicha Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 
Murod Xonto‘raev boshqaruvidagi BMW X5 avtomobili bilan to‘qnashuv sodir etgan Lacetti avtomobili haydovchisi A.U. guvoh sifatida tergovga jalb etilgan. 
Eslatib o‘tamiz, "Osiyo ayig‘i" nomi bilan tanilgan MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘raev ishtirokidagi YTH joriy yilning 19 iyul kuni soat 11:30 larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida sodir bo‘lgan. Bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti hamda BMW X5 rusumli avtomobillar ishtirokidagi to‘qnashuvda BMW X5 rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan.
Oqibatda BMW X5 rusumli avtomobil haydovchisi, 1987 yilda tug‘ilgan Murod Xonto‘raev voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi Jasur Anorboev tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Manba: Qalampir.uz

MMA, Xonto‘raev

27.07.2021, 18:34 50 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish