"Dinamo"da qolishga nima majbur qilgani, o‘g‘lining diplomat bo‘lishini istagani, Milanga tashrifi! Yoxud ro‘za tutayotgan Agamurodov xususida

Tachmurod Shamakovich "Dinamo"ni Superligaga qaytarishiga ishonmoqda.
Yurtimizda ishlayotgan mutaxassislar orasida o‘zidan ajoyib taassurot qoldirgan Tachmurod Agamurodov alohida mavzuga aylanadi. Boisi aksariyat muxlislar uning chempionatimizdagi faoliyatini yaxshi bilishadi. Ayniqsa, “Paxtakor”dagi murabbiylik ishi orqali anchagina hurmat va e’tibor qozongan.
Hozirda esa u “Dinamo” klubini boshqarmoqda. Ma’lumki, bugungi karantin paytida futbolchilar asosan murabbiylar ko‘rsatmalariga asosan individual tarzda uyda shug‘ullanishmoqda. Ammo bunday paytda murabbiylarning o‘zlari qanday ish bilan band, ular nimalar bilan shug‘ullanmoqdalar? Agamurodov dastlab shu haqida gapirdi.
- Tushunarli, karantin davrida hech qanday nazariy yoki amaliy mashg‘ulotlar bo‘lmaydi. Gapingiz rost, bunday paytda futbolchilar individual tarzda shug‘ullanishlari mumkin. Ammo biz murabbiylar shunday mahalda ko‘proq e’tiborni nazariy bilimlarimizni oshirishga harakat qilib, kerakli risolalarni o‘qiymiz. Qolaversa, murabbiylik sohasiga oid bunday qo‘llanmalar etarlicha topiladi.
Shuningdek, u yoki bu o‘yinning videoyozuvlarini tomosha qilib, o‘ziga xos tahlil, xulosalar chiqarish mumkin. Shunday ekan, biz murabbiylar ham karantin chog‘ida beish qolib ketmayapmiz, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Uyda mana shunday ishlar bilan shug‘ullanyapman, zerikishga vaqt ham qolmayapti.
Bundan tashqari, muqaddas oy Ramazonni arkonlariga mos ravishda o‘tkazyapmiz. Ko‘rsatilganidek, ro‘za tutyapmiz. Bo‘sh paytlarimda uydagi ishlar bilan ham shug‘ullanyapman. Vaqt ko‘pligi bois biz murabbiylar ham o‘zimizning jismoniy holatimizni ushlab turishga harakat qilamiz. Masalan, o‘zim kunda badantarbiya qilyapman. Uyda qolishning biror-bir noodatiy tarafi yo‘q. Hammasi odatdagidek. Shunchaki, karantinga qadar bo‘lgan davrdan farqli ravishda asosan uyda qolib ketyapmiz xolos.
Tachmurod Shamakovich o‘tgan mavsumning oxirlarida samarqandliklarni boshqarishga kirishganiga qaramay, baribir uning jamoasi Superligani tark etdi. Shunday bo‘lsa-da, Agamurodov yana “Dinamo”da qolishga qaror qildi. Balki unga Superligadan jiddiy taklif bo‘lganida ketgan bo‘larmidi? Xullas, mutaxassisni “Dinamo”da qolishiga nima turtki bo‘lganiga to‘xtaldi.
- Birinchi navbatda shuni aytishim kerakki, “Dinamo” bilan mavsum oxirida kuchlilar safida qolishimiz uchun bizga biroz omad kulib boqmadi. O‘zingiz yaxshi eslasangiz kerak, o‘shanda jamoamiz ham oxirgi o‘rindagi boshqa ikki klub singari bir xil miqdorda ochko jamg‘argan edi. Ish shunday yakun topdiki, quyi pog‘onalardagi uch jamoadan biri sifatida biz qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli Superligani tark etishga majbur bo‘ldik.
Shuni aytishim kerakki, qo‘l ostimda shug‘ullantirayotgan yigitlar bilan birga ishlash menga yoqmoqda. Asosiysi, ular ish asnosida mening talablarim, o‘yinni tashkil etishga bo‘lgan qarashlarimni teran tushuna boshlagandilar. Shuning hisobiga bo‘lsa kerak, mavsum oxiridagi uch uchrashuvda shogirdlarim juda yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Ular ishtirokidagi yorqin o‘yinni tomosha qilish muxlislarimizga ham yoqdi, deb o‘ylayman. Mana shunday yigitlar bilan ishni yana davom ettirish qiziqarli bo‘lishini his etib pro-ligada ham ishlashga rozi bo‘ldim.
Boz ustiga “Dinamo” rahbariyati menga bundan keyin ham jamoada qolib ishlashni taklif qildi. Tabiiyki, bunday taklifni hech ikkilanishsiz qabul qildim. Qolaversa, o‘zimni “Dinamo”ning ajralmas bir qismiga aylangandek his qila boshlagandim. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, “Dinamo”ning quyi ligaga tushib ketishida o‘zimni ham aybdor his qilganim bois klubni tashlab keta olmasdim. Ta’kidlashim joizki, futbolchilarni tashlab ketishga ko‘zim qiymadi. Ayniqsa, klubdagi yosh, navqiron yigitlarning ko‘zlarida uchqunni ko‘rish, ishni kelgan joyidan davom ettirishga undamasdan qolmasdi. Birgalikda hammamiz “Dinamo”ni yana Superligaga qaytarishga axd qilganmiz. Rahbariyat bilan shu masalada gaplashgan chog‘imizda hammasini muhokama qilganmiz. Mutasaddilar bilan 1+1 ko‘rinishida shartnoma tuzishga kelishib olganman.
Shundan kelib chiqqan holda aytishim kerakki, Superligadan bo‘lgan takliflarni ko‘rib chiqqanim yo‘q. Aytaylik, rad etib bo‘lmas taklif kelib tushgan taqdirda ham avvalo hammasini rahbariyat bilan kelishib olardim. “Dinamo”ning istiqboli yo‘lida bundan keyin ham ishlashni o‘z burchim deb hisoblayman.
agamurodov2
Nima bo‘lganda ham endilikda Agamurodov hamda “Dinamo”ning asosiy e’tibori pro-ligaga qaratilgan. Ular bir mavsumning o‘zidayoq yana Superligaga qaytishga urinib ko‘rishadi. Bu yo‘lda “Dinamo”ga kimlar jiddiy qarshilik ko‘rsatishi mumkin? Bosh murabbiyni esa ushbu masala ham o‘ylantirmoqda.
- Ha, sizni tushundim. “Dinamo”ga bu yo‘lda pro-ligadagi etakchi klublar xalaqit berishga intilishadi, - deya mavzuni davom ettirdi, Tachmurod Shamakovich. - Masalan, vodiydan “Neftchi”, “Istiqlol”, “Turon” jamoalari bor. Ulardan tashqari “Sho‘rtan” ham o‘z oldiga yuqoriga ko‘tarilishni maqsad qilgan. O‘ylaymanki, bunday jiddiy raqiblar bilan kurashish mutlaqo oson bo‘lmaydi. Bunday raqiblar oxirgi turga qadar kurashishga tayyorlar. Axir har qanday jamoa kuchlilar ligasida ishtirok etishni istaydi. Superligaga ko‘tarilish uchun faqat futbolchilardagi ishtiyoq, mehnatning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun klubda infratuzilma ham risoladagidek bo‘lmog‘i darkor.
Ishni ko‘ngildagidek tashkil etish avvalo rahbariyatning vazifasi hisoblanadi. Hammasi uchun moddiy texnik baza kerak bo‘ladi. O‘z navbatida ishlash uchun etarli shart-sharoitlar yuzaga kelgan bo‘lmog‘i darkor. Shunday ekan, hammasi oson emas. Futbolchilar har tomonlama qulay bo‘lgan shart-sharoitlarda ishlashga o‘rganishgan. Bu ham asosiy masalalardan biridir.
Agar e’tibor bilan razm solsangiz, o‘zbek futbolida byudjeti boshqalarnikidan yaxshiroq bo‘lgan klublarni etakchi rollarda ko‘rasiz. Bunday holatni siz jurnalistlarga eslatish shart ham emas. Ishlash uchun sharoitlarning ko‘ngildagidek bo‘lishi biz murabbiylar uchun ham muhim ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi. Xullas, hammasi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Moddiy material bazaning yaxshi holatda ekanligi har qanday kishini yanada ishlashga ruhlantirmasdan qolmaydi. Faqat shundagina natija kutilgan darajada chiqishi mumkin.
Mutaxassis Superliganing bugungi darajasi haqida gapirar ekan, u bevosita ishtirokchilar soniga alohida e’tibor qaratdi.
- Ayni chog‘da bu masalada hech narsa deya olmayman. Chunki chempionatning dastlabki turlarida biror-bir o‘yinni tomosha qila olmadik. Ustiga-ustak uchinchi turdan so‘ng karantin boshlanib ketdi. Faqat shuni aytishim mumkinki, bundan ikki yil oldin Superligada bo‘lgan paytimda uning saviyasi chakki emasligini ta’kidlagandim. Hozir ham shu fikrimda qolaman.
Bundan tashqari, o‘shanda oliy ligadagi ishtirokchi jamoalarning sonini hozirgiga nisbatan oshirish yaxshi bo‘lishini aytgandim. Ayniqsa, iqtidor egalariga boy bo‘lgan O‘zbekistonda shunday yo‘l tutish maqsadga muvofiq bo‘lardi. O‘zbekistonning imkoniyati bunga har tomonlama javob bera oladi. Yuqori ligada ishtirokchilarning ko‘pligi, kamida 15 ta klubning birinchilikda qatnashishi muxlislar uchun ham qiziqarli bo‘lardi. Aytmoqchimanki, bunday qatnashchilar Superliga darajasiga mos tushishini isbotlab bera oldilar.
Reglamentga muvofiq teng miqdorda ochko jamg‘argan klublardan biri tushib ketdi. Baxtga qarshi o‘sha jamoa “Dinamo” bo‘ldi. Ikki yil oldingi fikrimda qolaman: superliga ishtirokchilari soninii hozirgiga nisbatan oshirish juda to‘g‘ri ish bo‘lardi. Bu mening shaxsiy fikrim. O‘ylaymanki, assotsiatsiyadagilar keyinchalik albatta bu masalani ko‘rib chiqib, xuddi avvalgidek Superliga ishtirokchilar sonini 16 ta etkazsalar kerak. Bu har tomonlama to‘g‘ri bo‘lardi. Chindan ham shunday yo‘l tutish kerak. Birgina Samarqand viloyati misolida oladigan bo‘lsak, viloyatning eng kuchli klubi sanalmish “Dinamo” Superligada uning sha’nini himoya qilish kerak, aslida.
Albatta, bunday jihatlarga ham e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘lardi. To‘g‘ri, shuning barobarida sport tamoyillarini nazardan qochirmaslik kerak. Nima bo‘lgan taqdirda ham viloyatlardan yuqori ligada kamida bittadan ishtirokchining bo‘lishi to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Mening bu masaladagi qarashim shunday. O‘z navbatida Xorazm, Qoraqolpog‘iston Respublikasidan ham kamida bitta klubning kuchlilar safida bo‘lishi to‘g‘ri bo‘lardi. Viloyatlardagi eng munosib klublar o‘rtasidagi kurashlarni kuzatish esa  har qanday ishqibozga zavq bag‘ishlashi aniq.
O‘z o‘rnida buni viloyat tepasida turganlar ham tushungan holda yakunda hammasi shunday ko‘rinish hosil qilishi uchun e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ammo buni qanday amalga oshirish mumkinligini afsuski bilmayman.
agamurodov
Agamurodov o‘z vaqtida murabbiylik malakasini oshirish uchun Italiyaning “Milan” klubida amaliyot o‘taganidan xabaringiz bormi? O‘zaro muloqot davomida u o‘sha xotiralarini va Andrey Shevchenko bilan munosabatlarini esladi.
- Albatta, malaka oshirish chog‘ida bir qator taniqli shaxslarni ko‘rganman. To‘g‘ri, o‘shanda bazada yashamaganman, lekin kunda shu erga kelib ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganini bevosita kuzatganman. 2000 yillarda “Milan” tarkibida Maldini, Shevchenko, Leonardo, Jorjino, Nesta, Boban singari zo‘r futbolchilar to‘p surishardi. Xullas, o‘sha kezlardagi “Milan”ni tarkibi yulduz futbolchilardan iborat bo‘lgan.
Adashmasam, men malaka oshirgan o‘sha 2000 yilda “Milan”ni Alberto Zakkeroni boshqargandi. O‘shanda ko‘proq Andrey Shevchenko bilan gaplashishimga to‘g‘ri kelgan. Chunki u rus tilini yaxshi bilardi. Bunga uzoq yillar bo‘lib ketdi, ko‘p narsa esimdan chiqib ketgan. Bulardan tashqari, keyinchalik Moskvada, Kievda malakamni oshirganman. Kievda pro litsenziyasini olgandim. Uni qo‘lga kiritganimga ham etti yil bo‘libdi.
Uning o‘g‘irllari ham izidan borib murabbiy bo‘lib etishishdi. Hozirda katta o‘g‘li Axmet Agamurodov Turkmaniston olimpiya terma jamoasini boshqarmoqda. Ammo, qizig‘i, Tachmurod Shamakovich farzandlarini murabbiy bo‘lishini istamagan ekan.
- Rostini aytsam, o‘g‘limning ham xuddi men kabi murabbiylik sohasidan ketishini istamagandim. Chunki bu sohaning o‘ziga yarasha mashaqqatlari qanday ekanligini yaxshi bilaman. Ammo u Turkmanistondagi Universitetni tamomlaganidan so‘ng murabbiylik sohasini tanlab Moskvada o‘qishga qaror qildi.
O‘zimga qolsa, o‘g‘limning diplomat bo‘lishini istardim. Biroq o‘g‘lim xuddi men singari murabbiy bo‘lishga qaror qildi. Qanchalik qarshilik qilmay o‘g‘lim baribir ota izidan borishga axd qildi. Uning bu roldagi ishlari yomon ketmayapti. Olimpiya terma jamoasidan tashqari Ashxabodda o‘g‘limning xususiy klubi ham bor.
To‘g‘ri, o‘g‘lim bolalar klubiga ega. Uning murabbiy sifatidagi ishlari qizg‘in ketyapti, desam xato qilmayman. Yana shuni aytishim kerakki, murabbiylikni tanlagan Axmedga ikkinchi o‘g‘lim Azat yordam beryapti. Azat asosan akasining xususiy klubida faoliyat yurityapti. O‘g‘limga qarashli “Oltin toj” jamoasida ukasidan tashqari yana etti nafar murabbiy ham ishlaydi.
Hozirgi paytda ko‘pchilikning e’tibori va muhokamasida bo‘lib turgan Rossiyadagi legionerimiz Eldor Shomurodov borasida Agamurodov ham o‘z fikrini bildirdi va Evropaga ketsa, u soyada qolib ketmasligini aytdi.
- Mutaxassis sifatida Shomurodov haqida shuni aytishim mumkinki, bugungi kunda u bemalol Evropadagi biror-bir kuchli chempionatda to‘p sura olgan bo‘lardi. Chunki uning katta potentsiali bor. O‘ylaymanki, Shomurodov G‘arbdagi klublardan biriga ko‘chib o‘tgan taqdirda ham yangi ish joyida boshqa sheriklarining soyasida qolib ketmaydi. Chunki Eldor katta iqtidorga ega bo‘lgan hujumchidir.
Uning Rossiya premer-ligasi to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamlardan biri bo‘lib turgani ham shunchaki tasodif emas. Shomurodov haqida faqat yaxshi fikrlarni ayta olishim mumkin xolos. O‘ylaymanki, uning kelajagi oldinda. Xorij klublaridan biriga ko‘chib o‘tish Eldor uchun oldinga tashlangan katta qadam bo‘ladi.
To‘g‘ri, Rossiya chempionatining saviyasi ham chakki emas. Ammo Shomurodov ayni paytda o‘zini bundan ham kuchliroq bo‘lgan G‘arb birinchiliklaridan birida bemalol davom ettira oladigan qobilyatga ega. Agar unga chindan ham G‘arbdagi klublardan biri qiziqish bildirayotgan ekan, Shomurodov buni qabul qilishi kerak.   
 

23.05.2020, 00:20 5 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish