O‘zbekiston MMA futbolkasini kiygan Krishtianu Ronaldu instagramdagi bitta posti uchun qancha pul topadi?

Ushbu postga etti yarim milliondan ortiq odam layk bosdi
Bir necha kun avval Krishtianu Ronaldu O‘zbekiston aralash jang san’ati assotsiatsiyasi libosida rasmga tushib, instagramdagi sahifasiga joylashtirdi.
Bu holat ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Chunki yaqindagi tashkil etilgan sport assotsiatsiyasi futbolkasini jahon yulduzi, instagramda eng ko‘p obunachiga ega bo‘lgan Ronaldu reklama qildi. Xo‘sh, portugaliklik futbolchi odatda bunday postlar uchun qancha pul ishlab olardi?
Ma’lum bo‘lishicha, Krishtianu Ronaldu instagramdagi har bir reklamasi uchun 1 million dollarga yaqin mablag‘ ishlab topadi.
UMMA.UZ yozuvli futbolkasida rasmga tushib, "Eng katta muhabbat" deya nomlagan Krishtianu assotsiatsiyadan qancha pul olgani borasida savollar paydo bo‘lgan bo‘lishi aniq.
Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida kun.uz sayti muxbiri O‘zbekiston aralash jang san’ati assotsiatsiyasi bilan bog‘landi. Tashkilot birinchi vitse-prezidenti Sherzod Toshmatov esa quyidagilarni bayon qildi.
Tabiiyki, Ronaldu bizning futbolkamizni kiyishi uchun pul to‘lamaganmiz. Birinchidan, bizda bunaqa katta pul yo‘q, bundan tashqari, hozir oldimizda bundan muhimroq ishlar turibdi.
Biz hali yangi tashkilotmiz, shu sabab mahalliy miqiyosda rivojlanish haqida o‘ylayotgan bir vaqtda global piar uchun pul ajratishimiz mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Biz hali mamlakat doirasidagi musobaqalar o‘tkazish va aralash jang san’atini ommalashtirish bo‘yicha ko‘proq bosh qotiryapmiz.
Albatta, marketing borasida ham harakatlar bo‘lyapti. Ronaldu buyuk sportchi, lekin biz assotsiatsiya brendini rivojlantirish uchun reklama «yuzini» futbolchilar orasidan qidirmagan bo‘lardik. Suratda Ronaldu bizning eski logotipimiz tushirilgan futbolkani kiygan. Fevral oyida yangi logotipni e’lon qilgandik va agar Ronalduga pul to‘lagan bo‘lsak, u yangi logotipdagi libosni kiygan bo‘lardi.
Bezymyannyy_2
Ronaldu qolgan ko‘plab jahon sporti vakillari qatorida bizning brend chiqargan futbolkani sovg‘a sifatida qabul qilgan. Biz ko‘plab yulduzlarga sovg‘a yuborganmiz va ularning hech biriga ularni qandaydir holatda kiyish majburiyatini qo‘ymaganmiz. Ronaldu bizning futbolkani kiyishga qaror qilibdi va bu juda ajoyib. Suratda logotipimiz to‘liq ko‘rinmagan bo‘lsa-da, buni ko‘rish yoqimli bo‘ldi, - dedi Sherzod Toshmatov.
Ronaldu 7 may kuni kiyib rasmni joylashtirgan ushbu postga instagramda 7.5 milliondan ortiq obunachi layk bosgan. Uning ushbu tarmoqda 219 million obunachisi mavjud.

18.05.2020, 15:55 31 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish