Jalil Kimsanov va yana ikki nafar futbolchimiz Tojikiston klubiga yo‘l olishdi

"Regar-Tadaz" o‘z safini o‘zbekistonlik futbolchilar bilan kuchaytirdi.
Koronavirus kirib bormagan kam sonli mamlakatlardan biri bo‘lib turgan Tojikistonda futbol bo‘yicha yangi mavsum boshlanish arafasida. Aniqrog‘i, 5 aprel kuni dastlabki tur o‘yinlari o‘tkaziladi.
Gap shundaki, Tojikistonning boy tarixiga ega bo‘lgan klublaridan biri – Tursunzodaning “Regar-Tadaz” jamoasi uch nafar o‘zbekistonlik futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. O‘tgan mavsumni “Andijon”da yakunlagan himoyachi Jalil Kimsanov joriy yilni yana qo‘shni yurt chempionatida o‘tkazadi. Yodingizda bo‘lsa, u o‘tgan yilgi mavsum boshida Dushanbening “Istiqlol” jamoasida to‘p surgandi va birinchi davradan keyin u erdan ketgandi. Endi esa ushbu futbolchimiz Tursunzoda jamoasida o‘ynaydi.
Shuningdek, o‘tgan yilgi mavsumni Samarqandning “Dinamo” jamoasida o‘tkazgan yarim himoyachi Sardor Eminov ham “Regar-Tadaz” sharafini himoya qiladi. Aslida ushbu yarim himoyachi ilgari ham Tojikiston chempionatida o‘ynagani bilan muxlislarning yodida qolgan bo‘lsa ajab emas.
Ushbu jamoa a’zosiga aylangan yana bir hamyurtimiz esa himoyachi Farruh Nurliboevdir. O‘z vaqtida milliy terma jamoamizga nomzod bo‘lgan va hattoki 2011 yili Vadim Abramov boshchiligidagi terma jamoamiz bilan birga Qatardagi Osiyo Kubogiga borgan ushbu o‘yinchi keyinchalik bir qator klublarda va birinchi ligada faoliyat ko‘rsatib yurdi. Bu yil esa u ham o‘z omadini chetda sinab ko‘rish maqsadida “Regar-Tadaz” sharafini himoya qilishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni start oladigan yangi mavsumning ilk turida “Regar-Tadaz” jamoasi safarda “Kuktosh” bilan kuch sinashadi.

31.03.2020, 17:45 20 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish