Usmon Toshev: Murabbiylar etarli bo‘lsa-da, nima uchun yaxshi futbolchilar etishmaydi?

Tajribali murabbiyning fikr va mulohazalari.
Bugungi paytda Tojikistonda o‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev faoliyat olib borayotganini barcha yaxshi bilsa kerak. Tojikiston milliy terma jamoasida bosh murabbiy sifatida ishlab kelayotgan Usmon Qudratovich u erda nafaqat milliy jamoani, balki butun tojik futbolini rivojlantirish yo‘lida o‘zining tajribasi va mehnati bilan yordam berib kelmoqda. Hamyurtimizning u erdagi faoliyati qiziqarli ko‘rinishda davom etyapti desak ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Butun dunyoga koronavirus xavf solayotgani tufayli hozirgi paytda futbol keyingi darajaga tushib qoldi. Lekin ayni paytda koronavirus kirmagan kam sonli mamlakatlardan biri bo‘lib turgan Tojikistonda futbol hozirda qay darajada? Bu haqida mamlakat terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshev shunday dedi:
- Albatta, hozirgi vaziyat yaxshi emas. Chunki koronavirus butun dunyoni qamrab olyapti. Bundan hammamiz ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Qolaversa, hamma joyda chempionatlar ham to‘xtatilgan. Mana, ko‘ryapsiz, zavod va fabrikalar ham yopilyapti. Bularning barchasi avvalo sog‘liqni saqlash uchun qilinayotgan ishlardir. Tojikistonda esa karantin yo‘q, hamma ishlab yuribdi. 4 aprelda mamlakat Superkubogi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Ertasiga esa milliy chempionat bahslari boshlanishi ko‘zda tutilgan. Biz mana shu grafik bo‘yicha o‘yinlar boshlanishini kutyapmiz. O‘ylaymanki, bu erda karantin joriy etilmaydi. Umid qilamanki, tez orada hamma joyda vaziyat yaxshilanadi.
Garchi Tojikistonda ichki chempionat boshlanishi arafasida turgan bo‘lsa-da, ammo terma jamoa darajasidagi o‘yinlar allaqachon bekor qilingan. Chunki dunyodagi deyarli barcha terma jamoalar vaqtinchalik faoliyatlarini to‘xtatib turibdilar. Tabiiyki, bunday jarayonda Toshevning rejalari o‘zgarib ketgani aniq. Xo‘sh, murabbiy bundan buyog‘iga qanday rejalar tuzadi?
- Terma jamoa bo‘yicha ham hamma joyda o‘yinlar to‘xtatilganini yaxshi bilasiz, - deya fikrini davom ettirdi, Usmon Qudratovich. - Hattoki, o‘rtoqlik uchrashuvlari ham bekor qilingan. Boshqa mamlakatlar bilan aviareyslar ham yopilgani bois hech qaerga chiqa olmaymiz. Shu bois barcha rejalarimiz buzildi. Balki buzildi deganda biroz qo‘pol aytgan bo‘lishim ham mumkin. Shunchaki, ish rejamizni boshqatdan ko‘rib chiqamiz. Chempionat yaqinda boshlanadi va shunga qarab yana rejalar tuzib ishimizni davom ettiramiz. Bunday paytda tajribamizdan kelib chiqqan holda ish ko‘ramiz. Hozirgi dunyodagi vaziyatni hamma juda yaxshi tushunib turibdi. Shunday ekan, birinchi navbatda insonlarning sog‘ligi asosiy vazifaga aylanadi. Shu bois vaziyatga qarab ishlayveramiz.
toshev_1
Terma jamoalar tanaffusga chiqqan paytda Usmon Toshev Dushanbeda qanday ishlar bilan band? Yoki rejalar tuzish bilan ovorami? Hamyurtimiz mazkur masala bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tdi.
- To‘g‘risi, terma jamoa bo‘yicha ishlarimizni qanday rejalashtirishni ham bilmayman. Aynan qachon va nima uchun tayyorgarlik ko‘rishni ham to‘liq bilmaymiz. Buning uchun bizga aniq sanalar kerak. Shuningdek, hozirgi paytda futbol federatsiyasida yoshlar futboli bo‘yicha ham ishlayapmiz. Bu boradagi ishlarni rivojlantirish uchun ushbu bo‘limga yaqindan yordamlashyapman. Shuningdek, Tojikistondagi murabbiylarning o‘qishiga ham e’tibor qaratyapmiz. Yana bir katta mas’uliyatli ish oldimizda turibdi. Ya’ni, terma jamoalar uchun katta er ajratilgan. Maydonlar, bazalar va boshqa ishlar qanday yo‘lga qo‘yilishi borasida ham bosh qotiryapmiz. Ish aslida etarli, inson o‘zi xohlasa albatta ish topadi. Bu erda meni qiziqtiradigan ishlar ko‘p va foydam tegsa bundan xursand bo‘laman. Bahoriston degan joyda oliy ligada ishlayotgan murabbiylar bilan o‘zaro fikr almashdik, terma jamoa bo‘yicha munosabatlarini eshitdim. Mening maqsadlarimdan biri hamma murabbiy birgalikda, hamjihatlikda ishlashimiz kerak. Qilayotgan ishlarimizning barchasi futbolni rivojlantirishga qaratilgan. Agar hamma o‘zi bilganicha ish qilaversa, terma jamoalar bilan o‘rtada uzilish bo‘lsa, unda bu holat yaxshilikka olib kelmaydi. Shuning uchun men bu haqida ularga ko‘p gapirdim. Shuningdek, hamma jamoalarda tibbiyot yaxshi ishlashligi uchun bu sohani ham joy-joyiga keltiryapmiz. Marketingga ham jiddiy e’tibor qaratyapmiz.
Bir qator terma jamoalar xorijlik legionerlarning hisobiga tarkibi kuchaytirilganiga guvoh bo‘lamiz. Bizni qiziqtirgani shuki, Usmon Toshev Tojikiston milliy terma jamoasida ham xorijlik futbolchilarni ko‘rishni istaydimi? Shu savol bilan uning o‘ziga murojaat qilganimizda shunday javob qaytardi:
- Ushbu vaziyatga men boshqacharoq qarayman. Bu masalada mening biroz sub’ektiv fikrim bor. Nima uchun shunday futbolchilar yo‘q? Bizga chetdan o‘yinchi olib kelish qanchalik to‘g‘ri keladi yoki to‘g‘ri kelmaydi? Nima uchun mana shunday futbolchilarni o‘zimizda tayyorlay olmayapmiz. Bu kimning xatosi? Albatta, oldin bu haqida o‘ylagandik ham. Bu masalada maslahatlashganimizda o‘zimizda iqtidorlar borligi, bu borada tajribamiz etarli va ularni o‘stira olish mumkinligiga amin bo‘lgandik. Tojikistonlik futbolchilar bilan ishlab ular orqali kamchilik bo‘lib qolgan joylarni to‘ldira olamiz. Bunisi endi murabbiylarga bog‘liq. Ular oylik maoshlarini olishyapti, bilim darajasi bo‘yicha sertifikatlari ham bor. Demak, endi ular yanada yaxshiroq ishlashlari kerak. Hozirda Tojikiston termasiga legioner o‘yinchilar kerak emas. Albatta, ayrim pozitsiyalarimiz bizni o‘ylantiryapti va ularni to‘liq ravishda yopa olmaymiz. Ammo o‘sha pozitsiyalarga tojikistonlik ayrim yangi futbolchilarni topganman va ularni ko‘z ostimga ham olib qo‘yganman. Vaqti kelganda ular bilan albatta ishlaymiz va muammoli holatlarni yopmoqchimiz. Bunisi endi o‘zimizga bog‘liq bo‘lib qoladi. Ya’ni, o‘z ishimizni qanchalik bajara olamiz yoki aksincha, buni vaqt ko‘rsatadi. Pul berib chetdan o‘yinchi olib kelish oson. Biz tanlayotgan yo‘l esa biroz qiyinroq, ammo to‘g‘ri yo‘l. Biz faqat o‘zimizdan futbolchilarni tayyorlamoqchimiz. Chunki savol tug‘iladi, bu erda murabbiylarga ish haqlari to‘lanyapti va bu kichkina summa emas. Gazetalarda va televidenielarda ko‘rsangiz hamma murabbiylar katta-katta gapirishadi. Barcha litsenziyalari, hattoki “pro”si bor mutaxassislar ham etarlicha. Lekin shunday ekan, nima uchun yaxshi futbolchilar etishmaydi? Murabbiylar etarli bo‘lsa-da, chetdan pul sarflab legionerlarni olib kelishning ma’nosini tushunmayapman.
toshev4_1
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, hozirgi kunda koronavirus tufayli deyarli barcha mamlakatda futbol to‘xtab qolgan. Bundan esa dunyo futboli nima yo‘qotyapti? Bu albatta o‘ylantiradigan masala. Usmon Qudratovich esa bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.
- Menimcha, bu vaziyatda dunyo futboli hech nima yo‘qotmaydi. To‘g‘ri, qaysidir klub falon miqdorda pul yo‘qotdi deb gapirishadi. Hammasi pulga kelib taqalyapti. Hozirda hammada bir xil vaziyat. Agar ayrim mamlakat chempionatlariga qandaydir ta’qiq qo‘yilganida o‘sha klublar va terma jamoalari zarar ko‘rardi. Ammo hozirgi vaziyatda butun dunyo futboli deyarli to‘xtagan. Shu bois o‘yinlar o‘tkazilmayotganining zarari yo‘q. Shoshilmaslik kerak, o‘z vaqti soati bilan barchasi joyiga tushadi. Albatta, bugungi sharoitdan kelib chiqqan holda ma’lum vaqt futbol o‘yinlarini ko‘ra olmaymiz. Biz futbolni sevamiz. Lekin bunday jarayonda sabr qilib turishimiz lozim. Hammasi ortda qoladi, tarixda bundan ham murakkabroq vaziyatlar bo‘lgan va barchasi o‘tib ketgan. Aksincha, insonlarda bir-birini o‘ylash va qadrlash uchun vaqt bo‘ladi.
toshev3_1
Shuningdek, Tojikistonda ham, O‘zbekistonda ham o‘sha mamlakatdan kelgan futbolchilar faoliyat olib bormoqdalar. Toshev esa bu jarayonni ijobiy baholar ekan, shunday dedi:
- O‘zbekistonliklarda ham Tojikiston futboliga qiziqish bor. Mana, Tojikistonda o‘zbekistonlik o‘yinchilar, O‘zbekistonda esa tojikistonlik futbolchilar o‘ynashyapti va bu juda yaxshi holat. Bu erga ham yaxshi saviyadagi futbolchilar kelaversa, Tojikiston futbolining saviyasi kuchayadi. Ayniqsa, mahoratli legionerlardan yoshlar o‘zlari uchun ko‘p narsa o‘rganadilar.
 

26.03.2020, 15:32 8 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish