Yaqinda “Barselona”ni tark etgan futbolchilar ramziy terma jamoasi (+foto)

Ispaniyaning “Barselona” klubi yaqinda ko’pgina futbolchilarni o’z tarkibiga qo’shib oldi. Shu bois borgan sari klub tarkibi kuchaymoqda. Shu bilan birga raqobat ortmoqda va barcha futbolchilarni o’yin amaliyoti bilan ta’minlash muammosi yuzaga keldi. Shuning uchun sekin asta ba’zi futbolchilar klubni butunlay yoki ijara asosida tark etishni boshladi. Buni qarangki, jamoani tark etgan futbolchilardan yaxshigina jamoa tuzish imkoni paydo bo’larkan, albatta real hayotda emas. Quyida ramziy jamoa tasvirlangan fotoni ko’rishingiz mumkin. Dastavval bu jamoaning har bir futbolchisi haqida batafsil ma’lumot berib o’tamiz.

Darvozabon: Klaudio Bravo

Klaudio Bravo 2014-yil klubga tashrif buyurib, ikki mavsum to’p surdi. U ikki mavsum ichida 70 ta o’yinda maydonga tushib 43 ta gol o’tkazib yuborgan. Bravo jamoaga yangi kelganidan Kataloniyalik muxlislar ko’nglidan joy ola bildi. U La Ligada ketma-ket 7 ta o’yinda o'z darvozasi daxlsizligini saqladi va chempionat rekordini o’rnatdi. U jamoaning asosiy darvozaboni edi. Klaudio “Barselona” libosida ikki marta Ispaniya chempioni, ikki marta Ispaniya kubogi sohibi, bir marta Ispaniya superkubogi sohibi, bir marta YChL g’olibi, bir marta UEFA superkubogi sohibi va bir marta Klublararo Jahon chempionati g’olibligiga erishdi. Bu ikki mavsum Bravo uchun o’z termasida ham omadli keldi. Klaudio ikki mavsumda ikki bor Kopa Amerika chempioniga aylandi. Yaqinda Bravoni “shaharliklar” 18 million yevro evaziga “Barselona”dan sotib olishdi.

 Chap qanot himoyachisi:  Adriano Korrea

Adriano Korrea 2010-yildan boshlab 6 mavsum “Barselona” libosida to’p surdi. U tezda asosiy tarkibga kira oldi. So’nggi ikki mavsum esa u uchun qiyin kechdi. Sababi Alba bilan raqobatda yutqazdi va Alba asosiy tarkibdagi chap qanot himoya chizig’ini butunlay egallab oldi. Adrianoda o’yin amaliyoti ikki barobariga qisqarib ketdi. Ammo 4 mavsum juda ajoyib o’tdi. Adriano Kataloniyaliklarga ko’p sovrinlar yutishga o’z hissasini qo’shdi. U 6 mavsum davomida 113 ta o’yinda maydonga tushib, 9 ta gol urishga muvaffaq bo’ldi. Adrianoning “Barselona”dagi faoliyati sovrinlarga boy tarzda o’tdi. U Katalon jamoasi safida 16 ta sovrinni qo’lga kiritdi. Adriano 4 marta Ispaniya chempioni, 3 marta Ispaniya kubogi sohibi, 3 marta Ispaniya superkubogi sohibi, 2 marta YChL g’olibi, 2 marta UEFA superkubogi sohibi va 2 marta Klublararo Jahon chempionati g’olibiga aylandi. So’nggi paytlarda asosiy tarkibdagi o’rnini yo’qotgan Adrianoning xizmatlariga Turkiyaning “Beshiktosh” klubi qiziqish bildirdi. So’ngra u 800 ming yevro evaziga transfer qilinib “Barselona” klubini tark etdi.

O’ng qanot himoyachisi: Daniel Alves

Dani “Barselona”ning sodiq futbolchilaridan biri. U jamoaga 2008-yilda kelib naq 8 mavsum Katalon klubi libosida to’p surdi. U jamoaga yulduzlik onlarida keldi. Shuning uchun ilk mavsumlaridan asosiy tarkibda himoya chizig’idan bir o’rinni o’ziniki qilib oldi. Alves faoliyati so’nggiga qadar asosiy tarkibda tushar va hech qachon o’yin amaliyotisiz qolmagan. Daniel butun faoliyati davomidagi erishgan sovrinlarining aksariyat qismini “Barselona” safida qo’lga kiritdi. U 6 karra Ispaniya chempioni, 4 karra Ispaniya kubogi sohibi, 4 karra Ispaniya superkubogi sohibi, 3 karra YChL g’olibi, 3 karra UEFA superkubogi sohibi va shuncha marta Klublararo Jahon chempioniga aylandi. Bu davr ichida Braziliya terma jamoasi bilan birgalikda ikki marta Konfederatsiyalar kubogini qo’lga kiritdi. 8 mavsumlik davr ichida 247 ta uchrashuvda ishtirok etib, 14 ta gol urdi. Uning gollar soni kam bo’lsada, juda ko’plab golli paslarni amalga oshirdi. Dani jamoada eng ko’p golli uzatma amalga oshiradigan himoyachi edi. Bu borada yarim himoyachilar bilan ham bemalol bellasha olardi.  Alves 2016-yilgacha belgilangan shartnomasi yakunlangach o’z hohishi bilan erkin agent sifatida Turin tomon yo’l oldi. U halicha o’z formasini yo’qotgani yo’q. Alvesning jozibali o’yinlarini “Yuventus”da tomosha qilishda davom etamiz.

Markaziy himoyachi: Mark Bartra

“Barselona” maktabi tarbiyalanuvchilaridan biri Mark Bartra 2010-yili klub yoshlari tarkibidan asosiy tarkibga jalb etildi. U “Barselona” maktabi tarbiyalanuvchilari ichida o’z iqtidori bilan ajralib turar edi. Ammo asosiy tarkibda raqobat ancha kuchli edi. Shuning uchun klub rahbariyatidagilar Bartra o’yin amaliyotisiz qolmasligi uchun “Barselona B” klubida 4 mavsum maydonga tushirishdi. 2014-yilga kelib esa u “Barselona”ning asosiy jamoasidan muqim o’rin oldi. “Barselona B” jamoasida 81 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol urishga erishdi. Asosiy jamoada 4 mavsum to’p surdi. Lekin har doim ham o’yin amaliyotiga ega bo’lavermas edi. Chunki u yangi kelganida Puyol va Pike bilan raqobat qilish juda og’ir kechgan. Ikki yildan so’ng Puyol ketgach, Bartra himoyada Pikega yordam bera boshladi. Shu yo’sinda Mark “Barselona” tarkibida 59 ta o’yinda maydonga tushdi va 5 ta gol urdi. Shunday bo’lsada asosiy tarkibga mutlaq kira olmadi. Shunday bo’lsada, Bartra Kataloniyada 13 ta sovrinni qo’lga kiritdi. Mark 5 marta Ispaniya chempioni, 3 marta Ispaniya kubogi sohibi, bir marta Ispaniya superkubogi sohibi, ikki bor YChL g’olibi, bir marta UEFA superkubogi sohibi va bir marta Klublararo Jahon chempioni bo’ldi. Uning xizmatlariga qiziqish bildirgan “Borussiya Dortmund” jamoasi Bartrani “Barselona”dan 8 million yevro evaziga sotib oldi. Mark nemis klubi bilan 2020-yilgacha shartnoma imzoladi. Keyinchalik Mark Kataloniyaga qaytish ehtimoli ham bor. Ammo shartnomada qaytib sotib olish haqida band kiritilmagan.

Markaziy himoyachi: Tomas Vermalen

Vermalenning London klubidan “Barselona”ga o’tish transferi ancha shov-shuvlarga sabab bo’lgan edi. Bunga uning “Arsenal”dagi yorqin o’yinlari sabab bo’ldi. U jamoaga kelgach himoyada asosiy “figura” vazifasini bajarishi kutilgandi. Ammo bunday bo’lib chiqmadi. Belgiyalik himoyachi jarohatlar girdobida qoldi. Jarohatlarni yengach, asorati uning jismoniy holatiga ancha ta’sir qildi. Shuning uchun 2014-yildan boshlab ikki mavsum ichida 11 ta uchrashuvga maydonga tushdi xolos. Lekin bitta gol urish ham nasib qildi. Tomas “Barselona”da o’yin amaliyotisiz qolgan bo’lsada, naq 7 ta sovrin yutdi. Ikki martadan Ispaniya chempioni va Ispaniya kubogi sohibi bo’ldi, bir martadan YChL g’olibi, UEFA superkubogi sohibi va Klublararo Jahon chempioniga aylandi. Yozgi transfer bozorida jamoaga yangi yosh himoyachilar kelganidan so’ng unga bo’lgan ehtiyoj biroz pasaydi. Lekin “Barselona” undan umidini uzganicha yo’q. Shu sabab uni Italiyaning “Roma” jamoasiga 9 million yevro evaziga ijaraga berdi. Ko’ramiz Tomas “Barselona”ga Londondagidek “vaxshiy” formada qaytarmikan.

O’ng qanot himoyachisi: Martin Montoya

Martin Montoya “Barselona” maktabi tarbiyalanuvchilaridan biri. U 2009-yili “Barselona” yoshlar jamoasidan “Barselona B”ga ko’chib o’tdi. Uch masvum sinov tarzda o’tgan muddatdan so’ng asosiy jamoaga jalb etildi. Lekin u asosiy tarkibda raqobatda ustun kela olmadi. Buni 2 mavsumda 45 ta uchrashuvda qatnashgani bilan ham bilishimiz mumkin. Alves raqobatda Montoyani ortda qoldirardi. U “Barselona” safida ikki bor Ispaniya chempioni va shuncha marta Ispaniya kubogi sohibi, bir marta Ispaniya superkubogi sohibi va bir marta YChL g’olibi bo’ldi. So’nggi ikki mavsumni “Inter” va “Betis”da ijarada o’tkazdi. So’ngra “Valensiya” klubiga erkin agent sifatida o’tib ketdi.

Markaziy yarim himoyachi: Aleks Song

Aleks Song “Barselona” klubiga 2012-yili 19 mln yevro evaziga “Arsenal” klubidan ko’chib o’tgan. U jamoada ikki mavsumni sinov tarzda o’tkazdi. Ammo asosiy tarkibga mos deb hisoblanmagach, keyingi ikki mavsumini Angliyaning “Vest Hem” klubida o’tkazdi. Song u yerda yetarlicha o’yin amaliyotiga ega bo’ldi. Aleks “Barselona” safida 39 ta o’yinga maydonga tushib, Ispaniya chempioni va Ispaniya superkubogi sohibi bo’ldi. “Vest Hem”dagi ijara muddati tugagach, “Barselona”dagilar unga nisbatan ehtiyoj sezishmadi va erkin agent sifatida Rossiyaning “Rubin” klubiga ko’chib o’tdi.

Markaziy yarim himoyachi: Sergi Samper

Sergi Samper 6 yoshligidan boshlab “Barselona” akademiyasida tahsil ola boshladi. O’n ikki yillik muddatdan so’ng “Barselona B” jamoasiga qabul qilindi. Qisqa muddat o’tib, asosiy jamoaga ham jalb etila boshlandi. Asosan asosiy jamoada zahirada turar edi. Luis Enriki uni atigi 4 o’yinda sinab ko’rdi va undagi qobiliyatni ko’ra bildi. Bunday qobiliyat egasi o’yin amaliyotisiz qolishi adolatdan emasligini tushunib “Barselona”ning kelajagini o’ylagan holda Samperni “Granada” klubiga ijaraga berdi. Samper “Barselona” tarkibida kam maydonga tushgan bo’lsada, Ispaniya chempioni, ikki karra Ispaniya kubogi sohibi, Ispaniya Superkubogi g’olibi va YChL g’olibi bo’ldi. Keyinchalik tajriba orttirib “Barselona”ga yana qaytadi…

O’ng qanot yarim himoyachisi: Alen Halilovich

Alen Halilovich 2014-yili 5 mln yevro evaziga Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” klubidan “Barselona” klubiga ko’chib o’tdi. U katta iste'dod sohibi ekanligi avvaldan ma’lum edi. Ammo tajriba jihatidan raqobatchlaridan ortda bo’lgani sabab asosiy tarkibda o’z o’rnini topa olmadi. Xatto deyarli asosiy tarkibda maydonga tushmadi. Shuning uchun bir mavsum “Barselona B” klubida to’p surdi. Uning iste'dodiga ishonch hosil qilgan “Barselona” rahbariyatidagilar o’yin amaliyoti bilan ta’minlash maqsadida “Sporting Xixon” klubiga ijaraga berishdi. Ijara muddati tugagach, 5 million yevro evaziga Germaniyaning “Gamburg” klubiga transfer qilindi. “Barselona”dgi qisqa faoliyati davomida bir marta Ispaniya kubogi sohibiga aylanishga ulgurdi. Uning shartnomasida qayta sotib olish haqida band bo’lmasada, katta ehtimol bilan keyinchalik “Barselona”ga qaytadi.

Chap qanot yarim himoyachisi: Kristian Tello

Kataloniyaning ikki klubi “Barselona” va “Espanyol” maktablarida tahsil olgan futbolchi Kristian Tello 2011-yili “Espanyol B” klubidan “Barselona”ga ko’chib o’tdi. U boshlang’ich ikki mavsumini “Barselona B”da o’tkazdi. Keyingi ikki mavsumda “Barselona” tarkibida to’p surdi. Telloning pozitsiyasidagi futbolchilar jamoada ko’paygani sababli Kristian asosiy tarkibda faolligini yo’qotdi. Shuning uchun uni o’yin amaliyoti bilan ta’minlash maqsadida “Portu” klubiga ikki mavsum ijaraga berildi. Ijara muddati tugab jamoaga qaytgach, Tello klubda qolmasligi ravshan edi. Sababi Neymar asosiy tarkibda muqim joylashgandi. Yana uni “Barselona”dagilar ijaraga berishdi, bu safar Italiyaning “Fiorentiana” klubiga. Ijara narxi 500 000 yevro qilib belgilandi. Tello “Barselona” safida 59 ta o’yinda maydonga tushib, Ispaniya chempioni, Ispaniya kubogi va superkubogi sohibiga aylandi.

Hujumchi: Sandro Ramirez

Yana bir “Barselona” tarbiyalanuvchilaridan biri Sandro Ramirez “Barselona”ning yoshlar jamoasidan asosiy klubga jalb etilgach, ikki mavsum “Barselona B” klubida to’p surdi. Keyingi mavsumni esa to’liq “Barselona” safida o’tkazdi. Bu mavsum uning birinchi va so’nggi mavsumi edi. Undan avval esa bazida asosiy jamoaga jalb etilib, keyin yana “Barselona B”ga qaytarilardi. U “Barselona” libosini qisqa muddat kiygan bo’lsa-da, sovrin borasida unga havas qilsa arzir edi. Sandro Katalon klubi safida bir jamoada erishish mumkin bo’lgan barcha sovrinni qo’lga kiritdi. Ispaniya superkubogi esa bundan mustasno. Ramirezga bu sovrin nasib etmadi. “Barselona” safida ikki bor Ispaniya chempioni, Ispaniya kubogi sohibi, YChL g’olibi, UEFA superkubogi sohibi va Klublararo Jahon chempioniga aylandi. U “Barselona” safida 17 ta o’yin o’tkazdi. Shunday bo’lsa-da, unga asosiy tarkibdan joy topilmagach, La Liganing yana bir klubi, ya’ni “Malaga”ga deyarli tekinga qo’yib yuborildi. Sandro “Malaga” safida “Barselona” undan voz kechib xato qilganini isbotlay olarmikan. Buni esa vaqt ko’rsatadi...

“Barselona”ni tark etgan futbolchilar ramziy terma jamoasi

Kuziev Muhammad tayyorladi

30.08.2016, 01:18 5555 0