Klopp qachondir bu ishidan afsuslanarmikin?

Pul hamma joyda muhitni buzadi — qilgan va qilayotgan ishlaridan bilish mumkinki, Yurgen Klopp aynan ana shunday shiorga amal qiladi. Ha, uning uchun muhimi iqtidor, u yashirin talantlarni izlaydi, u nomi ulug’u narxi qimmat futbolchilarga qiziqmaydi. U bu jihati bilan Joze va boshqa shunga o’xshash murabbiylardan farq qiladi.

Bugungi “Liverpul” tarkibini ko’ring, qimmat narxga sotib olingan birorta futbolchi bormi? Yo’q. hammasi “Liverpul”ga kelib tanilgan va qimmatlashgan futbolchilar. Koutinyoni “Liverpul”da tanidik, Maneni “Liverpul”da yaxshiroq tanidik, Firmino, Veynaldum… bu ro’yxatni istagancha davom ettirish mumkin.

Klopp “Liverpul”da shunday muhit yaratdiki, u yerda mulla jiringning nafasini ham sezmaysiz, u yerda yevrolar emas, iqtidorlar muhokama qilinadi, u yerda futbolchilar “Mening maoshimni oshiring, meniki falonchanikidan kam”, deb to’polon qilmaydi, chunki, yuqorida aytganimizdek, hech yulduz bo’lib kelmagan, hamma “Liverpul”da yulduzga aylangan, bu esa futbolchini jamoaga ipsiz bog’lab qo’yadi. Qolaversa, “Liverpul”da pulni ikkinchi darajada ko’radiganlar yig’ilgan. Bizningcha, Klopp ana shu muhitni buzishni istamayapti.

Qolaversa, Klopp Xamesning chizig’ida o’ynay oladigan futbolchilarga ega. Yaqinda Muhammad Saloh sotib olindi, u iqtidor borasida Xamesdan kam emas. Bu yoqda markazda o’ynashni qoyillatuvchi Koutinyo bor. Bir so’z bilan aytganda, Xamessiz ham “Liverpul”da hammasi joyida.

“Real”dagi o’zi bilan bog’liq mojarolarda Xamesning ham aybi bor. Istaysizmi, yo’qmi, yulduzlik futbolchiga baribir ta’sir qiladi. Klopp esa “Liverpul”da ham ana shunday muhit yuzaga kelmasligini istagandir. Uni tushunsa bo’ladi, faqat bu yog’iga bir kun kelib Xamesni olmaganiga afsuslanmasa bo’lgani, buning uchun esa Klopp harakat qilishi tayin.

11.07.2017, 07:58:07 644 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish