Sharhlovchilarimizga jiddiy e’tiroz: futbolchilarni nega yechib olyapsiz, baraka topgurlar?

Rossiyada bo’lib o’tgan Konfederatsiyalar kubogi o’zimizning “Sport” telekanalida olib berilishini eshitib, xursand bo’ldim. Ha endi Rossiya kanalidan ruscha sharhni eshitgandan ko’ra, o’z ona tilingdagi sharhni ko’rganing yaxshi-da. Xususan, Portugaliya — Meksika va Germaniya — Chili o’rtasidagi o’yinlarni “Sport” telekanali orqali ko’rdim va sharhlovchilarning ishidan shunchalik asabim taranglashdiki, asti qo’yaverasiz.

Dastlab Portugaliya — Meksika o’yini sharhiga to’xtalsak. Bu o’yin ishim bilan bir xil vaqtga to’g’ri kelib qolgani uchun televizorni qo’yib qo’yib, o’zim ishimni davom ettirdim. Gol bo’lsa, ko’raman deb niyat qildim. Bir mahal ikkinchi bo’lim tugayaptiyam, jimlik. “Nahotki asosiy vaqt durang bilan yakunlansa”, deb ajablandim-da, televizorga qaradim. Ne ko’z bilan ko’rayki, Meksika hisobda oldinga chiqib olgan ekan. Sharhlovchi esa bu golga hech qanday reaksiya bildirmagan. Chunki u shu paytgacha bir xil tempda gapirayotgandi. Demak, golniyam shu o’lik tempda aytib ketgan. Shunaqa jahlim chiqdiki... Baraka topgur, bu xalqaro turnirning uchinchi o’rni uchun kechayotgan o’yin. Bu muhim o’yin. Muhim o’yinda kiritilgan gol esa doim muhim bo’lib kelgan. Bunday gollarni o’zgacha bir ehtiros bilan e’lon qilish kerak. Axir sen futbol sharhlayapsan, futbolga qiziqasan, demak. Futbolga qiziqqan odam uchun Meksikaning Portugaliya darvozasiga kiritgan goli o’zgacha voqea bo’lishi kerak-ku! Sharhlovchining ruhiyatiga ta’sir o’tkazishi kerak-ku. Nihoyat, Meksika hisobni ochdi, qoyil, ana endi ko’ring o’yinni, deb emotsiyalar bilan sharhlash kerak emasmi? Yo futbolga qiziqmaysanmi? Unda sharhlovchilikni nega tanlading?

Shunday deb noroziligimni bildirib turganimda sharhlovchimiz shunaqa gap aytdiki, dumalab tushishimga sal qoldi. Boyagi o’lik sharhiga mingdan-ming rozi bo’lib ketdim. Portugaliya murabbiyi futbolchi almashtirayotganida buni aytishi kerak bo’lgan sharhlovchimiz nima deganini bilasizmi? “Hozir Portugaliya murabbiysi maydondan falonchi futbolchini yechib olib, o’rniga falonchani tushirdi”. Ochig’I, maydondan futbolchini “yechib olish” mumkinligini birinchi eshitishim. Ha, endi, adashib ketdi, keyingi safar xatosini to’g’rilaydi, desam, yo’q. keyingi safar ham murabbiylar qo’li bilan yana ikkita futbolchini maydondan yechib oldi, har o’yinchi almashganda shu gapni takrorlayverdi. Baraka topgur. Bu yer senga shevada gapirsa bo’ladigan choyxona emas-ku! Agar oliy ma’lumoting bo’lsa, universitetda senga televideniyeda shevada gapirish mumkin emas, badiiy tilda gapir, deb o’rgatishmaganmi?

O’sha o’yinni amallab tugatdim. Keyin final boshlandi. Sharhlovchimiz esa shunaqa gapira ketdiki, ochig’I bu yerda Germaniya bilan Chili emas, ikkinchi ligamizning birorta klublari o’ynayotgan bo’lsa kerak, deb o’yladim. Keyin bu sharhlovchiyam birorta futbolchini maydondan yechib olmasidan burun tinchgina Rossiya kanalida ko’rdim.

Ha, aftidan, sport telekanalida futbol sharhlovchisi muammosi hali-beri hal bo’lmaydi, shekilli. 

04.07.2017, 07:15:34 1043 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish