Noyer nega 4 yoshida darvozani qo‘riqlagan?

Futbolda o‘ziga xos o‘rniga ega bo‘lgan charmto‘p ustalari ko‘p. Ular orasida esa, shubhasiz, Germaniya terma jamoasi va «Bavariya» klubi posboni Manuel Noyer alohida o‘rin tutadi. Buni ayni kunda uning «Oltin to‘p»ga asosiy nomzod ekanligidan ham bilish mumkin. Bugun sahifamizda aynan shu posbonning hayoti bilan bog‘liq faktlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Eng yosh debyutant. O‘zining birinchi o‘yinini Noyer 4 yoshida o‘tkazgan. Ha, «Shalke»ning juda yosh futbolchilar o‘ynaydigan jamoasi safida maydonga tushganida u naq 4 yoshu 341 kunlik edi. Chunki Noyer «Parkshtadion» o‘yingohining ro‘parasida yashar va uyi derazasidan o‘yinlarni tomosha qilishi mumkin edi.

Noyer futboldan tashqari tennis bilan ham shug‘ullanadi. Xususan, u 14 yoshida tennis o‘ynay boshlaydi va hatto o‘z davrining mashhur raketka ustasi Boris Bekkening e’tiboriga tushadi. Shundan keyin u tennis bilan jiddiy shug‘ullanishni, faoliyatini tennis kortida davom ettirishni istaydi. Ammo, baribir, yakunda futbolga bo‘lgan qiziqish ustun keladi.

Kumiri — Yens. Noyer o‘z hamkasblari orasida Oliver Kan yoki Bodo Ilggnerga taqlid qiladi. Shuningdek, Yens Lemann ham uning kumiri hisoblanadi. Ayni kunda esa Noyerning o‘zi ibrat olsa arziydigan mahoratli posbonga aylandi. Hatto eng kuchli nemis darvozabonlaridan biri sifatida tarixga kirdi.

Asosiy tarkib uchun raqobat. Noyer, shak-shubhasiz, so‘nggi yillarda Bundestimning 1-raqamli darvozaboni. U bu darajaga yetgunga qadar ancha mashaqqatlarni boshdan kechirdi. Manuel 2010 yilda Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga Germaniyaning uchinchi posboni sifatida tashrif buyurdi. Ammo Rene Adler jarohat olgach, Noyer jahon chempionatida Germaniya terma jamoasi darvozasini qo‘riqladi.

«Shalke»dagi debyuti. «Shalke»dagi debyuti Noyer uchun muhim ahamiyat kasb etadi. U qariya darvozabon Frank Rost bilan raqobat davomida og‘ir jarohat oladi. Noyerning eslashicha, o‘yin paytida u raqib futbolchisi bilan to‘qnashib ketadi va tizzasidan qattiq jarohatlanadi. Ammo bu «Shalke»ning 1: 0 hisobida g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qila olmadi.

Haqorat va e’tirozlar. «Shalke 04» dan «Bavariya»ga o‘tgan Noyer ko‘plab fanatlarning dushmanlarcha munosabatiga duch keldi. Avvalo, gilzenkirxenlik muxlislar posbonning bu qarorini xoinlik deb baholashdi. Myunxenlik ishqibozlar esa «Bizga «Shalke-04» futbolchisi kerak emas!» deya e’tiroz bildirishdi. Noyer tanqidlarga e’tibor bermadi va, albatta, «Bavariya» ishqibozlarining tanqidlari asossiz ekanligini bir necha haftadayoq isbotlab berdi. «Xoffenxaym»ga qarshi o‘yinda ham darvozasi daxlsizligini saqlab qolgach, gol o‘tkazib yubormagan o‘yinlari soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Bunday rekord shu paytgacha Oliver Kanga tegishli edi.

Noyer xayriya ishlarida ancha faol. Xususan, uning bechorahol bolalarga yordam berish uchun tashkil qilingan shaxsiy fondi mavjud. Shuningdek, yosh sportchilarga yordam beradigan, ularni umumiy jihozlar bilan ta’minlaydigan tashkiloti mavjud.

Qo‘shiq shinavandasi. Noyerning sevimli guruhi — U2, yoqtirgan qo‘shig‘i esa «No Games» bo‘lib, bu qo‘shiq yamaykalik regbi ijrochisi Seraniga tegishli. Ta’kidlash kerak, Manu turlicha qo‘shiqlar ishqibozi.

Akasi — hakam. Manuelning akasi Marsel Noyer ham futbol sohasida faoliyat yuritadi. U Germaniyaning quyi ligasi — «Verbandsliga» o‘yinlarini boshqarib boradi.

 

 

 

03.07.2017, 18:31:32 784 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish