Muxlislar jazavada: Ronaldu nega qochib yuribdi?

Turli nashrlarda tarqalayotgan xabarlar, klublarning takliflari borasidagi yangiliklar, “Real” rahbarlarining tushunarsiz xabarlari — bari-bari “qirollik klubi” muxlislarining hafsalasini pir qildi. Gap shundaki, hali-hamon Ronalduning “Real”dan ketishi yoki ketmasligi haqidagi xabar yechimini topgani yo‘q. Muxlislarga yoqmagan jihati esa Ronalduning mum tishlab olgani. Portugaliyalik futbolchi kelajagi haqida hech narsa degani yo‘q, buni istamayapti ham. Ishqibozlarga esa uning bu qilig‘i yoqmayapti.

KONFEDERATSIYALAR KUBOGI

Dastlab Ronaldu bu jimligini Konfederatsiyalar kubogi bilan izohladi. Chindan ham Portugaliyaning yetakchisi bo‘lgan Ronaldu boshqa voqealarga diqqatini qaratmasligi ta’kidladi va barcha masalaga Konfederatsiyalar kubogidan keyin aniqlik kiritishini ta’kidladi. Mana, Rossiyadagi Konfederatsiyalar kubogi yakunlandi, lekin...

EGIZAKLAR DIYDORI SARI

Ronalduning uchinchi o‘rin uchun kechadigan o‘yinda qatnashmasligi ma’lum bo‘lgach, muxlislar, jurnalistlar yana unga o‘sha savol bilan murojaat qilishdi: “Siz “Real”da qolasizmi yoki ketasizmi?” Ronaldu esa tag‘in bu savolga javob berishdan qochdi va egizaklarini ko‘rishga oshiqayotganini ta’kidladi. Ayni damda bor e’tiborini farzandlariga qaratganini aytib o‘tdi. Muxlislar esa uning javob berishdan qochib yurganini hazm qila olishmayapti.

RONALDU NEGA QOCHIB YURIBDI?

Xo‘sh, Ronaldu nega qochib yuribdi? Bizningcha, u hali to‘liq qarorga kelgani yo‘q. Busiz esa u na jurnalistlarga, na birorta muxlisga bu haqda biror nima deya oladi? Chunki Ronalduning “Real”dan ketishi yoki ketmasligi haqidagi futbolchining fikri katta shov-shuvga sabab bo‘lishi mumkin. Ya’ni agar u “Real”dan ketishi mumkinligini aytsa, bu xabar matbuotda “Ronaldu “Real”dan ketyapti” tarzida chop etilishi hech gap emas. Bu esa u va “Real” o‘rtasidagi munosabatni chuqurlashtirib yuborishi mumkin. Qolaversa, ayni damdagi voqealar Ronaldu va “Real” uchun o‘ziga xos reklama. To‘g‘ri, ular reklamaga muhtoj emas, biroq, baribir, kim ham o‘zi haqida hamma joyda gapirishlarini istamaydi deysiz. Xullas, hozir Ronaldu birorta fikr bildirgudek bo‘lsa, vaziyatni chigallashtirib yuborishi mumkin. Ehtimol, yakdil qarorga kelsa, buni o‘zi e’lon qilar.

03.07.2017, 16:32:14 1089 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish