Germaniya — Chili: Lyov qanday hiyla ishlatganini aytdi!

Albatta, Konfederatsiyalar kubogi finalidagi Chilining mag‘lubiyati hamma uchun ham odatiy voqea bo‘lmadi. Ya’ni Chilining g‘alabasini deyarli aniq deb baholaganlar ham bor edi, nemislarning g‘alabasi esa ularni taajjubga soldi.

Aslida, finaldan oldin mantiqan o‘ylab qaraganda Chilining imkoniyati yuqoriroq edi. Chunki Chili tarkibida “maydon ko‘rgan” futbolchilar soni ko‘proq edi. Sanches va Vidallar Chilining imkoniyatini oshirib turishardi, biroq voqealar rivoji butunlay teskari ketdi.

Boshida nemislar ojiz o‘ljaga o‘xshab ko‘rinishdi. 10 daqiqacha vaqt ichida shunaqa voqealar sodir bo‘ldiki, Chili shunday hujumlar uyushtirdiki, sal bo‘lmasa Chilini chempionga chiqarib qo‘yardik. Biroq keyinchalik Lyovning fursat poylayotgani, “ojiz nemislar” esa Chilining xotirjamlikka berilishi uchun o‘ylab topilgan hiyla ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bu hiyla tez orada samarasini berdi, Chili futbolchisi himoyada qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va Germaniya hisobni ochdi. Ana shundan keyin Lyov qartaning ikkinchi tomonini ochdi va biz kamdan-kam uchratadigan holatimiz — himoyalanayotgan Germaniya terma jamoasini ko‘rdik. Biroq shunda ham nemislar qarshi hujum uyushtirib turishdi va hatto agar Bravoning mahorati bo‘lmaganida yirikroq hisobda zafar quchishlari ham mumkin edi.

Lyovning asosiy ko‘rsatmasi quyidagicha edi: “Har qadamda to‘p uchun kurashing va tezkor qarshi hujum uyushtiring”. Murabbiy bu narsani o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham aytib o‘tdi. Uning ko‘rsatmalarini bekamu ko‘st bajargan germaniyalik yigitchalar esa yakunda chililik akalarining burnini yerga ishqab qo‘yishdi. Lyov Germaniyaning ikkinchi tarkibi bilan ham xalqaro musobaqa g‘olibiga aylandi. Bizningcha, u borada yagona murabbiy bo‘lsa kerag-ov. 

03.07.2017, 08:01:07 1163 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish