Rejali futbol qurboni (hajviya)

Boltaboyning kuni tug‘di. Axir u chempionatda to‘purarga aylandi. Buni qarangki, unga og‘iz soluvchilar ham paydo bo‘la boshladi. Boltaboyning chet klublaridan biriga sotilishi esa chinakam shov-shuvga aylandi...

* * *

Mana, qahramonimiz yangi jamoasi bilan birinchi o‘yin arafasida turibdi. Murabbiy hamma narsani tushuntira boshladi.

— Xullas, bugun muhim o‘yin. Hamma jon kuydirib o‘ynashi kerak. Tushundilaringmi? G‘alaba qozonishimiz shart! Himoyachilar, to‘pni darrov oldinga yetkazing, yarim himoyachilar, sizlar esa imillamay harakat qillaring. Tushunarlimi? Bo‘pti, savollar bormi?

— Boshqa gapingiz yo‘qmi? — dedi Boltavoy sinchkovlik bilan tikilib. — Reja qanaqa bo‘ladi?

— Tushunmadim, — murabbiyning qoshlari chimirildi, — qanaqa reja?

— Rejaga o‘xshash reja-da, haligi... — kalovlandi Boltavoy.

— Hech qanaqa reja yo‘q, — shogirdining kalovlanganidan jahli chiqdi murabbiyning. — hamma o‘yinga, davay!

Boltavoy peshonasini tirishtirgancha maydonga tushdi. Raqib futbolchilari shiddatli o‘yin ko‘rsatishar, uning jamoadoshlari esa hech nima qila olishmasdi. Bir joyda nuqul depsinib turgan Boltavoyga bir-ikki marta to‘p uzatishdi, lekin u oldirib qo‘ydi. Amallab bergan zarbalarini esa raqib posboni qaytardi. Xullas, Boltavoy hech narsa qila olmadi, jamoasi esa yutqazdi. Maydonni tark etarkan, Boltavoyning yuzida xafagarchilik emas, aksincha, xotirjamlik gavdalanardi. U “hammasi reja asosida bo‘ldi, shunday bo‘lishi kerak, shekilli”, deb o‘ylardi. Lekin kiyim almashtirish xonasiga kirganida boshqa jamoadoshlari qatori ko‘zi xonasidan chiqib ketay deb turgan murabbiyni ko‘rdi.

— Bu nimasi?!! — baqirdi bosh murabbiy kiyinish xonasiga kirganlaridan so‘ng. — Nima qilib qo‘ydilaring?! Nega yutqazdilaring?!

Boltavoy hamma qatori jim turardi. Shunda bosh murabbiy unga zahrini socha boshladi.

— Sen nega urolmading?! Palakat! Rosa maqtashgan edi-ku seni to‘purar deb. Nega bitta bo‘lsayam gol urolmading?

— Hammasiga reja aybdor, — dedi Boltavoy qat’iy.

— Reja?!

— Ha. Masalan, biz o‘yindan oldin nimalar bo‘lishini, vaziyat qanday tus olishini rejalashtirib borardik. Nechta gol uramiz, nechta o‘tkazamiz, hammasini bilardik. Keyin shunga qarab o‘ynardik.

— Nima?! — ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi murabbiyning. — Bu nima deganing?! Sen aytgan rejaning futbolga hech qanday foydasi yo‘q!

— Nega endi? — bo‘sh kelmadi Boltavoy. — Mana, shu rejaning orqasidan bir necha marta klubim bilan chempion bo‘lganman, ko‘p g‘alabalarga erishganman, to‘purar bo‘lganman!

— Menga qara, sen futbol deganda nimani tushunarding o‘zi, a?

— Futbolmi? Bu — men, jamoam, gollar...

— Ertagayoq bu yerdan qorangni o‘chir! Tushundingmi?!

Xullas, Boltavoy qaytib keldi. Jurnalistlarning savollariga esa og‘iz ko‘pirtirib javob berardi:

— E, ularda reja, tartib degan narsa yo‘q. Oldindan nima bo‘lishini bilmaysan. Yutish yoki yutqazishingni bilmay maydonga tushishning qizig‘i yo‘q-da! Men unaqa rejasiz futbolni yoqtirmayman! Futbolda reja bo‘lishi kerak, reja!

 

02.07.2017, 23:41:34 858 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish