Anchelotti nega Ronaldu bilan janjallashgandi?

Sarlavhani o’qib, ehtimol, xayolingizga tajovuzkor, jizzaki murabbiy kelgandir. Ehtimol, Joze yoki Kloppni xayol qilgandirsiz. Biroq adashasiz. Biz hikoya qilmoqchi bo’lgan qahramon, futbol agentlarini bir tiyinga ham olmaydigan inson Karlo Anchelottidir.

“Men uchun futbolchining xohishi muhim, agentning emas, — degandi bir safar Karlo Kakaning agenti bilan san-manga borib qolganida. — Chunki agetnlat tekinxo’r bo’lishadi”. Bu borada Karloni haq yoki nohaq deya olmaymiz. Ammo hammani Anchelottining nega agentlarni yomon ko’rishi qiziqtirsa kerak. Gap shundaki, Karlo agentlar bilan juda ko’p tortishadi.

Ana shunday janjallardan biri murabbiy “Real”ni boshqargan davrda sodir bo’ldi. O’sha paytda Angliyaning “Manchester Yunayted” jamoasi Ronalduga og’iz solgan va kattagina summa taklif qilgan ekan. Tabiiyki, Jorje Mendesh Ronalduga ana shu taklifga ham e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidlagan. Buni eshitgan Karlo esa Ronaldudan bor e’tiborini mashg’ulotlarga qaratishi lozimligini aytgan. Biroq Mendesh, kattagina summadan quruq qolishni istamagan shekilli, Krishtianuni “Manchester Yunayted”ga o’tishga qayta-qayta undayvergan. Oqibatda futbolchining xayoli chalg’igan.

Anchelotti hammasiga chidab kelayotgandi, biroq Mendeshning tiliga erk bergani uning sabr kosasini to’ldirdi. Gap shundaki, Anchelottiga ta’sir ko’rsata olmagan Mendesh boshqacha usulni qo’llagan, ya’ni endi xorij ommaviy axborot vositalarida Ronalduning “Manchester Yunayted”ga o’tishi borasida xabarlar tarqaldi. Bunda Mendeshning hissasi borligini anglagan Karlo jiddiy ishga kirishadi. “Qirollik klubi” mutasaddilari Ronalduning narxini keskin oshirishadi, oqibatda “Manchester Yunayted” Krishtianuni sotib olishdan voz kechadi. Anchelotti esa Ronalduga u hech qachon sotilmasligini, buni agentiga uqtirib qo’yishi lozimligini aytadi. Mendeshni esa Ronaldu tinchlantiradi.

Bu Anchelotti va agentlar bilan sodir bo’lgan birinchi voqea emas. Shunchaki, mazkur mojaro shu paytgacha matbuotdan sir tutilgan.  

 

02.07.2017, 20:26:29 1012 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish