Ronaldu Portugaliya termasiga xiyonat qildimi?

Krishtianu Ronaldu doim Portugaliya terma jamoasini oldinga yetaklab kelgan. Aynan uning gollari ko‘p bora Fernandu Santush shogirdlariga g‘alaba keltirgan. Aynan Ronalduning xizmatlari tufayli ham Portugaliya Yevropa chempioniga aylandi. Biroq uning birgina hunari ko‘pchilikning g‘azabiga duchor bo‘ldi.

Gap shundaki, Portugaliyaning yarim finalda Chiliga mag‘lub bo‘lishi Ronalduga umuman yoqmadi. Garchi Chili kuchliroq bo‘lsa-da, o‘yin penaltilar seriyasigacha yetib borgach, Krishtianu finalga chiqishga umid qila boshlagandi. Buning uchun qo‘shimcha taymlardan keyingi kayfiyatidan bilsa ham bo‘lardi: naq 120 daqiqa tinimsiz harakat qilgan futbolchi ko‘tarinki kayfiyatda edi. Biroq penaltilar seriyasidagi omadsizlik uning xushnudligiga nuqta qo‘ydi.

Biroq portugallar hali hech narsani yo‘qotishmagandi. Chunki oldinda ularni Meksika bilan 3-o‘rin uchun kechadigan o‘yin kutib turibdi. Lekin Krishtianu mazkur o‘yinda qatnashmasligini aytib, egizak farzandlarini ko‘rish uchun jo‘nab ketdi. Muxlislar esa uning bu qilig‘ini xiyonatga yo‘yishdi.

Birinchidan, Ronaldu Portugaliyaning eng muhim o‘yinchisi. Shunchalik muhimki, uning o‘rnini hech kim bosa olmaydi. Shu jihatdan uning ketib qolgani muxlislarga alam qildi.

Ikkinchidan, ehtimol, Konfederatsiyalar kubogining bronza medali Ronaldu uchun unchalik muhim sovrin emasdir, biroq Portugaliya uchun bu yaxshi natija. Portugaliyaning hozirgi tarkibi Konfederatsiyalar kubogining uchinchi o‘rnini mensimaydigan darajada kuchli emas. Ehtimol, “Portugaliya Konfederatsiyalar kubogida bronza medalni qo‘lga kiritdi”, degan jumla unchalik yoqimli eshitilmas, lekin “Portugaliya Meksikaga yutqazib, uchinchi o‘rindan ham mahrum bo‘ldi”, degan jumla kabi sharmandali ham emas-ku! To‘g‘ri, Ronaldu yo‘q degani bu Portugaliya aniq yutqazadi, degani emas, ehtimol, ertangi o‘yinda portugallar g‘alaba ham qozonishar, biroq  Ronalduning mazkur g‘alabaga hissa qo‘shishni istamagani, o‘z istagini jamoaning obro‘sidan ustun qo‘ygani muxlislarning g‘azabini keltirdi.

Nima bo‘lganda ham Ronalduni uchinchi o‘rin uchun kechadigan o‘yinda ko‘rmaymiz. Bir tomondan Portugaliyaning Ronaldusiz qanday o‘ynashiga guvoh bo‘lamiz. Qani, Krishtianuning Portugaliya termasidagi o‘rni qanchalik ekan?!

01.07.2017, 16:46:00 1086 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish