Videotakrorlar: FIFA haqmi yoki UEFA?

Konfederatsiyalar kubogining esda qolarli jihatlari ko‘p bo‘ldi. Shulardan biri to‘rtinchi o‘zgarishni amalga oshirishga ruxsat berilgani bo‘lsa, ikkinchisi videotakrorlar edi. to‘rtinchi o‘zgarishku ko‘p ta’sir qilmadi, biroq videotakrorlar ko‘p hollarda futbolning darajasiga ta’sir ko‘rsatdi, salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

FIFA bu qarorni qo‘llab quvvatladi va videotakrorlardan jon deb foydalandi. Bir tomondan Infantino haq, hakamlarning noto‘g‘ri qarori deb bir jamoa aziyat chekmasligi kerak. biroq har bir shubhali vaziyatdan so‘ng hakamning ma’lum muddat videotakrorlarga murojaat qilishi, bu vaqt davomida o‘yinning to‘xtab qolishi futbolning jozibasiga ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, videotakrorlarni ham inson boshqaradi, inson hukm chiqaradi, aytmoqchimizki, uyam adashadi. Bu fikrimiz Konfederatsiyalar kubogida o‘z isbotini topdi. Bir vaziyatda o‘yindan tashqari holat qayd etilmagan bo‘lsa, boshqa bir vaziyatda penalti belgilanmadi. Aytmoqchimizki, hatto videotakrorlar ham futbolning shaffofligini, adolatli qarorlar chiqarilishini to‘liq ta’minlab bera olmas ekan. Aftidan, FIFA bu borada biroz shoshilgan ko‘rinadi.

Aleksandr Cheferin esa UEFA bu yangilikdan foydalanmasligini aytdi. UYEFAning bu qarorida ham jon bor. Agar videotakrorlarda ham xato qilinsa, uning nima keragi bor? Ayniqsa, videotakrorlar o‘yinni buzib qo‘ysa... Tasavvur qiling, futbolchi muhim vaziyatda gol ursada uni nishonlashni bilmay o‘tiraversa, bu yoqda muxlislar ham yurak hovuchlab o‘tirsa. Videotakror borligini bilgan hakam esa mustaqil qaror chiqarishga ikkilanib (videotakror bo‘lganidan keyin ikkilanadida), videotakrorga murojaat qilsa. Keyin nima bo‘ladi? Xo‘p, bosh hakam taxminan besh daqiqalardan keyin gol bo‘lganini tasdiqladi ham deylik, lekin boyagi ishtiyoq, zavq qolarmikin? Muxlislarning zavqi so‘nib ketmaydimi? Futbolning jozibasi o‘lib ketmaydimi?

Biz UEFAning qaroriga qo‘shilamiz. Dunyo futboli hali videotakrorga tayyor emas, ayni damdagi videotakrorning esa futbolga umuman keragi yo‘q.

30.06.2017, 23:21:07 593 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish