“Barselona”ning kutilmagan qurboni! U nega bunday ahvolga tushdi?

Kechagidek esimda, “Barselona” Arda Turanni sotib oldi, degan yangilikni eshitganimda “Barselona” uchun xursand bo‘lgandim. Chunki Turan markaziy yarim himoyada juda yaxshi o‘yin ko‘rsatardi, ba’zan hujumda ham o‘zini ko‘rsata bilardi, xullas, “Atletiko”ning yetakchi futbolchilaridan biri edi. Shu boisdan Kataloniya klubining taklifiga rozilik bildirgan “Atletiko”ni tushunmagandim, “Barselona”ga esa bu transferi uchun qaysidir ma’noda qoyil qolgandim ham. Biroq...

Turanni Kataloniyada shunchaki ko‘mib yuborishdi. Bilasizmi, u, aslida, iqtidorli o‘yinchi edi, o‘zini har tomonlama ko‘rsata olardi, maydonga tushganida yaxshi harakat qildi. Biroq bu yerda boshqa gap bor, Turanning “Atletiko”da ko‘rsatgan yaxshi o‘yini “Barselona”da qoniqarsiz harakatga aylandi. Chunki Madrid jamoasi muxlislaridan uzr so‘ragan holda shuni ta’kidlashni istardikki, “Barselona”ning darajasi, “Barselona”dagi o‘zaro raqobat, ichki kurash “Atletiko”dagiga qaraganda kuchliroq, ustunroq. Shuning uchun ham Arda Turanning o‘yiniga qo‘yilgan “5” baho Kataloniyada “3” ga tushib qoldi.

Aslida, Arda Turan o‘z ustida ko‘proq ishlashi, “Barselona” murabbiylariga yanada yaxshiroq o‘ynay olishini isbotlashi kerak edi. Chunki Turan xarid qilinganda uning chizig‘ida nimalarga qodir ekanligini isbotlagan futbolchilar o‘ynardi. Turan uchun esa ular bilan raqobat qilish oson kechmasdi, bu u “Barselona”ga o‘tayotganida bilardi. Biroq u faqat buni bilish bilan cheklandi, xolos. Amalda “Barselona”ga munosib bo‘lish uchun hech narsa qilmadi yoki qilgani “Barselona”ning asosiy tarkibida o‘ynash uchun yetarli bo‘lmadi.

Xalqimizda “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, degan bor. Xuddi shuningdek, “Barselona” ham Turanga ko‘p imkon bergani yo‘q, ya’ni Turanning yo‘q bo‘lib ketishida qaysidir ma’noda “Barselona”ning ham aybi bor, jamoa Ardaga juda kam imkon berdi, bu esa futbolchining irodasini sustlashtirdi va u raqobatga kirishishdan ko‘ra vaziyatni o‘z izmiga tashlab qo‘yishni ma’qul ko‘rdi.

Ardada yana imkon bormi? Yo‘q. Agar “Barselona” transfer davomida o‘zi ko‘zlagan futbolchilarni sotib ololsa, Turan uchun jamoa eshiklari taqa-taq yopiladi. Demak, Turan boshqa jamoadan kelayotgan takliflarni ko‘rib chiqqani ma’qul. Nima ham derdik, “Turan operatsiyasi” futbolchi uchun ham, “Barselona” uchun ham omadsiz yakun topdi.

 

30.06.2017, 17:25:40 771 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish