Mulohaza. Babayanning tarkibi: chiziqlar tahlili.

Mana Samvel Babayanning terma jamoa postiga kelganiga ancha bo`ldi. U terma kursiga o`tirganidan keyin ancha o`zgarishlar qildi. Misol uchun darvozabon almashdi. Himoyachilar borasida ham ayrim o`zgarishlar sodir bo`ldi. Yangi nomlar kashf qilindi, eskilar qaytarildi. Ayrim yetakchi o`yinchilar zahirada o`tirib qoldi. Tanqid qilingan futbolchilar ham termada o`ynadi.

Xo`sh ular bunga loyiq o`ynashyaptimi? Keling shu haqda ozgina suhbat qilamiz.

Darvozabon: Aleksandr Lobanov (“Paxtakor”).

Bu darvozabon o`zidan unchalik yaxshi taassurot qoldira olmayapti. Sababi, u beqaror futbolchi. Qatar, Xitoyga qarshi o`yinlarda a`lo darajada harakat qildi. Ammo Filippin, Janubiy Koreyaga qarshi o`yinlarda juda kulguli gollarni o`tkazib yubordi. Samvel Babayan Ignatiy Nesterovni faqatgina bir marta o`yinga tushirdi. Shunda ham u bir qator seyvlarni amalga oshirdi. E`tibor bergan bo`lsangiz, Nesterovning birgina shu o`yini Lobanovdan bir bosh ustiunligini ko`rsatdi.

So`nggi bosqichning dastlabki davrasida 3 ta gol o`tkazib yubordi. Bir tomondan olib qarasak, natija a`lo. Ammo uning harakatlari ko`ngildagidek emas. O`ta gavdali bo`lsa ham baland sakray olmaydi. Shuning uchun u o`z ustida ishlashi lozim. Shundagina xalq hurmat qiladigan darvozabon bo`lib yetishadi.

Avvalgi ko`rinish: Ignatiy Nesterov (“Lokomotiv”)

----------------------------

Himoyachilar: Vitaliy Denisov (“Lokomotiv Moskva”), Yegor Krimets (“Beyjing Guoan”), Anzur Ismoilov (“Changchun Yatay”), Davron Hoshimov (“Paxtakor”).

To`g`risini aytsam himoyachilar yaxshi o`yin ko`rsatishyapti. Balkim fikrimga qo`shilmassiz, Samvel Babayanning himoya chizig`i oldingilaridan ancha tartibli. U termadan Akmal Shorahmedovni chetlatdi va uning qanotiga Islom To`xtaxo`jayevni tashladi. O`rtaga esa Xitoyda to`p surayotgan Yegor Krimets kiritildi. Gavdali Krimetsda hatolar kamroq. Ammo o`ng qanot himoyasi Islom To`xtaxo`jayevning joyi emasligi ko`rinib qoldi. Hattoki “Loko”da ham himoyada o`ynamay qo`ydi. U pand bera boshladi. Oqibatda o`z joyini Davron Hoshimovga bo`shatdi. “Paxtakor” himoyachisi esa nisbatan iliqroq taassurot qoldirdi. Ammo Koreya bilan o`yinda o`tkazilgan 2-golda qayergadir yo`qolib qoldi. Natijada tayyor g`alaba boy berildi. Muhim 3 ochko qo`ldan chiqarildi. Turnir jadvalida bir pog`ona pastladik.

Agarda mudofaa vakillari bundan kuchaya olishsa-ku zo`r bo`lardi. Biroq bunday klassdagi o`yin ham aslida yetadigandek ko`rinmoqda. Menimcha himoyachilarning shunday qolgani ham yaxshi, o`zgarishlar shart emas.

Avvalgi ko`rinish: Vitaliy Denisov (“Lokomotiv Moskva”), Anzur Ismoilov (“Changchun Yatay”), Islom To`xtaxo`jayev (“Lokomotiv”), Akmal Shorahmedov (“Nasaf”).

----------------------------

Yarim himoyachilar: Marat Bikmaev (“Lokomotiv”), Otabek Shukurov (“Bunyodkor”), Azizbek Haydarov (“Al Shabab”), Odil Ahmedov (“Shanxay SIPG”), Eldor Shomurodov (“Bunyodkor”); (Server Jeparov (“Lokomotiv”), Sardor Rasidov (“Al-Jaish”).

Aslini olganda yarim himoyachilar orasida Otabek Shukurov begonadek ko`rinyapti. To`g`ri u Xitoyga gol urdi. Ammo o`yinni kuchaytira olmayapti. Ahamiyat bergan bo`lsangiz to`pni ko`p yo`qotmoqda. Uning o`rniga Sardor Mirzayevni termaga jalb etish kerak. U uzoqdan beriladigan zarbalarni qoyilmaqom bera oladi. Ko`plab gollarni urganining guvohi bo`ldik. Undan tashqari vinger Server Jeparovda ham kamchiliklar ko`paydi. Burchak zarbalarini yaxshi amalga oshira olmayapti. Xuddi oyog`iga tosh bog`lab olgandek. Koreya bilan o`ynagan Vadim Afonin ham ancha mazmunli futbolchi ekan. Hatolar bor, biroq juda sokinlik bilan harakat qilarkan. Bekorga Rossiya chempionatida asosiy tarkib futbolchisi emasligini ko`rsata oldi. Sardor Rashidov esa termaga jon kuydirmayotgandek ko`rinmoqda. Klubida qator gollar urmoqda. Ammo terma jamoaga kelganda saviya pasaygandek. O`yin uslubida ham keskin buzilishlar kuzatildi. Oldingidek chaqqon emas. Kam aldamoqda. Darvozaga beradigan zarbalari ham noaniqlikka qarab ketmoqda. Hullas m.t.j.da ushbu chiziqda kamchiliklar yaqqol ko`rinmoqda. Odil Ahmedovga yaxshi yordamchi yo`q. Futbolchilarimizning jismoniy holati a`lo darajada emas. Ko`p vaziyatlarga ulgura olishmayapti. Himoyadan hujumga o`tish tezligi juda past. Raqiblar esa bemalol o`z joylarini egallashga ulgurmoqda. Qarshi hujumlar uyushtira olishmaydi. Natijada qisqa paslar orqali ichkariga kirishga intilishadi. Lekin bunday taktika ham bizda unchalik darajada rivoj topmagan. Bosh murabbiy esa o`zining shahsiy taktikasiga ega emas. Ahir u murabbiymas, menejer bo`lganku. Demak yarim himoya tomon nazar tashlash kerak. Nomlar g`alaba kaliti degani emas. Odil ham, Eldor ham, Marat ham hatolar asosida futbol o`ynaydi. Hali rasmiy o`yingacha bir oz vaqt bor. Ungacha o`rtoqlik o`yinlarida biroz yarim himoyani toblab olish kerak. Zero Suriya o`z maydonida Eronga ham, Koreyaga ham yutqazmadi va gol o`tkazib yubormadi-ku.

Avvalgi ko`rinish: Azizbek Haydarov (“Al Shabab”), Odil Ahmedov (“Shanxay SIPG”), Sanjar Tursunov (“Vorskla”), Sardor Rashidov (“Al-Jaish”), Ikrom Aliboev (“Lokomotiv”).

----------------------------

Hujumchi: Igor Sergeev (“Paxtakor”).

Yaqindagina Milliy Telekanalida mehmon bo`lgan Odil Ahmedov shunday dedi: “- Ayni damda raqobatga dosh bera oladigan hujumchilar kam. Igor Sergeevga raqobatchi bo`ladigan futbolchi topilmayapti.”

Gap bir tomondan to`g`ri. Ammo futbolda gollar hisoblanadi va to`purarlar jadvali bo`ladi. Ushbu jadvalda bu yil Temurxo`ja Abduxoliqov 22ta gol urib yetakchi bo`ldi. “Obod” tarkibida esa Shohruz Norxonov yaqqol ko`zga tashlandi. “Metallurg”da ham Zohid Abdullayev jamoasi uchun ko`plab gollar urdi. Ammo ular terma eshigi tomon yaqinlashtirilmadi. Igor Sergeev esa bir o`zi termada o`ynadi. O`tgan mavsum davomida terma foydasiga birgina gol urdi. Marat Bikmayev esa nechta gol urganini eslang. Kim hujumchi degan savol tug`iladi, ba`zida. Uning o`rniga yuqoridagi nomzodlarni toblab borish maqsadga muvofiq emasmikin? Qidirilsa Sergeev tugul Rivaldo darajasidagi futbolchilarimiz bor. Ammo seleksiya borasidagi ishlarimiz maqtagudek emasligi uchun ko`p iqtidorli yoshlar futboldagi o`tish bosqichidan qolib ketishyapti. Oqibatda iqtidorlar futboldan sovimoqda. Xo`sh, termamizning hujum chizig`idagi muammo birgina murabbiydamikin? Aslida butun bir futbolimizning o`zi muammo. Birinchi galdagi muammo esa - bosh murabbiy. Ko`pchilikning fikriga ko`ra u termadan ketishi, termada esa bir qator islohotlar o`tkazilishi kerak. Ammo ayni damda Babayandan boshqa xech kim termada ishlay olmaydi. Chet el murabbiylarini O`zbekistonga olib kelishmaydi. Bu degani Igor Sergeev asabimizni buzishda davom etaveradi…

----------------------------

Zahiradagilar: Aleksandr Geynrix, Sardor Rashidov, Javohir Soxibov, Jamshid Boltaboev, Eldor Suyunov, Islom To`xtaxo`jayev, Ignatiy Nesterov, Jaloliddin Masharipov, Salamat Qutiboev, Stanislav Andreev, Jamshid Iskandarov, Server Jeparov.

Yevropada bir gap bor: Zahira ham bir terma jamoa bo`lishi kerak. Ularning darajasi asosiy tarkib bilan bir hil bo`lishi lozim. Xo`sh bizda qanday? O`yinni-ku kuchaytira oladiganlar bor. Ammo ko`pchilikni bu yerdan chiqarib tashlash kerak. Boltaboev, Soxibov, Qutiboev, Andreev kabilar terma uchun ayni damda yaxshi nomzod emas. Bobur Abduxoliqov, Shuhrat Muhammadiev, Akmal Shorahmedov, Shavkat Mullajonov, Shohruz Norxonov, Temurxo`ja Abduxoliqov, Sanjar Shoahmedov… Nomlarni davom ettira olaman. Afsuski buning foydasi yo`q nazarimda. Garchi ko`pchilik tinmay tanqid toshlarini otayotgan bo`lsa-da, o`z bilganidan qolmayapti. Andreevni baribir chaqiryapti. Hullas “Menga gapirma, gapirganing bir tiyin” degandek qilmoqda. Bilaman gapirganim shu bilan teng. Ammo o`qiganingiz uchun rahmat.

Mirjalol Normatov

Manba: penalti.uz

Mulohaza

11.01.2017, 19:25:40 645 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish