FIFA Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48 taga yetkazdi

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 32 tadan 48 taga yetkazish bo‘yicha qaror qabul qildi.

FIFAning yangi formati JCH–2026 dan boshlab qo‘llanadi. Unda terma jamoalar 16 ta guruhga bo‘linadi va har bir guruhda 3 tadan jamoa o‘rin oladi. Guruhdagi eng yaxshi natijani qayd etgan 2 jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Uchrashuvlar soni ham 64 tadan 80 tagacha oshiriladi.

JCH–2026 turnirida ishtirok etish uchun Yevropa mamlakatlariga 16 ta, Afrika qit’asiga 9,5 ta, Osiyoga 8,5 ta, Janubiy Amerikaga 6,5 ta, Shimoliy va Markaziy Amerikaga 6,5 ta hamda Okeaniyaga 1 ta kvota berilishi ko‘zda tutilgan.

JCH–2026 turniri qayerda bo‘lib o‘tishi hali aniqlanmagan. Mundialga mezbonlik qilish uchun Hindiston va Xitoy (birgalikda) hamda Ekvador, Boliviya, Peru va Paragvay (birgalikda) da’vogarlik qilmoqda. Kanada va Yangi Zelandiya Jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqchi.

Ma’lumot uchun, JCH ishtirokchilari formati yettinchi marta o‘zgarmoqda. 1998 yildan buyon Jahon chempionatida 32 jamoa 4 tadan 8 guruhga bo‘lingan holda ishtirok etib kelmoqda. Ushbu format JCH–2018 (Rossiya) va JCH–2022 (Qatar) turnirlarida saqlanib qoladi.

Manba: www.the-uff.com

10.01.2017, 19:31:12 247 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish