Superliga uchun kurashayotgan murabbiylar

Pro-liga "A" guruhida qaysi murabbiylar ishlashayotganini bilasizmi?
Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi pro-liga haqida ham to‘xtalib turmasak bo‘lmaydi. O‘zi shundoq ham ushbu ligaga hammaning ham qiziqishi u qadar baland emas. PFL pro-liganing mavqeini oshirish uchun harakat qilyapti-yu, lekin hozircha qilinayotgan ishlar kutilgan samarani bermayapti. Chunki kelishilgan o‘yinlar yoki totalizator kabi yomon illatlarning pro-ligada sodir bo‘layotganligi haqidagi gap-so‘zlar quloqqa chalinmoqda. O‘FA esa yaqinda aynan kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganlarni aniqlab, ularga choralar ko‘rdi. Futbolda bunday ishlar bor ekan, u erda rivojlanish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Pro-liga qatnashchilari ikkita guruhga ajratilganini yaxshi bilasiz. «A» va «V» guruhlari. Shuningdek, «V» guruhida esa jamoalar g‘arb va sharq mintaqalariga ham ajratilgan. Lekin «V»ga qaraganda, «A» guruhiga nisbatan bo‘lsa-da, e’tibor ko‘proq. Boisi, aynan ushbu guruh g‘olibi bo‘lgan jamoa Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Bu borada esa «Mash’al», «Sho‘rtan», «Istiqlol», «Xorazm», «Oq-tepa», «Neftchi», «Sherdor» va «Iftixor» jamoalari kurash olib borishmoqda. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Qashqadaryodan va Farg‘onadan ikkitadan klublar ishtirok etishmoqda. Shuningdek, Xorazm, Toshkent va Samarqanddan ham vakillar bor. Umuman olganda, «A» guruhidagi kurashda o‘rtaga Superliga «chiptasi» tikilgani uchun u erdagi o‘yinlarni kuzatish uchun arzirli sabab bor deya olamiz. Shu bilan birga u erda ishlayotgan murabbiylarga ham ko‘p narsa bog‘liq desak yanglishmaymiz. Ko‘pchiligimiz Superligada qaysi murabbiylar ishlashayotganini bilamiz. Lekin pro-ligada-chi? Shu bois «A» guruhidagi klublarga bosh murabbiylik qilayotganlar haqida to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.
«Mash’al» - Asror Aliqulov
Bu yil «Mash’al» klubining siyosatida o‘ziga xos inqilob yuz berganini bilsangiz kerak. Tarkib butunlay yoshartirib yuborildi. Lekin maqsad o‘zgarmadi. Shunga qaramay, klubdagi o‘zgarishlar davom etaverdi. Ularing orasida eng kattasi esa shubhasiz 10 yil davomida «Mash’al»ni boshqargan Aleksandr Xomyakovning iste’foga chiqishi bo‘ldi. Rossiyalik mutaxassis «Andijon» boshqaruvini o‘z qo‘liga olganidan keyin «Mash’al»da bo‘shab qolgan bosh murabbiylik lavozimini kim egallashi kun tartibiga ko‘tarilgandi. Ammo jamoa rahbariyati bu masalada ortiqcha o‘ylanib o‘tirishmadi va darhol sobiq futbolchi, yaqinda murabbiylikka o‘tgan holda klubda yordamchi murabbiy bo‘lib ishlab kelayotgan Asror Aliqulovga ishonch bildirishdi. Hozircha Asror Chorievich boshchiligidagi «Mash’al»ning natijalari chakki emas. To‘plar nisbatiga ko‘ra muborakliklar guruhda peshqadamlik qilib turibdilar. Aliqulov bungacha «Sho‘rtan»ning yoshlar va asosiy jamoasida ham murabbiylik qilgandi. Biroq u erda Asrorga o‘zini ko‘rsatish uchun oxirigacha imkoniyat berilmagandi. «Mash’al» esa ushbu murabbiy o‘zining barcha qirralarini ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyatdek ko‘rinmoqda.
IMG_20190803_210402
«Sho‘rtan» - Sergey Kovshov
Murabbiylarni qo‘lpoqdek almashtiradigan jamoalarimizdan biri – bu «Sho‘rtan». Joriy mavsumda g‘uzorliklarga Sergey Kovshov bosh murabbiylik qilib kelmoqda. Shuni ham alohida aytish joizki, u bu erga ilk bor kelgani yo‘q. Murabbiylik faoliyati davomida bunga qadar ham «Sho‘rtan»ni boshqarishga ulgurgandi. Shunday ekan, Sergey Gennedevich ikkinchi bor bu jamoani boshqarishga kirishdi. Bunga qadar esa ushbu murabbiy elit diviziondagi bir qator klublarda ham ishladi va ko‘pincha qutqaruvchi vazifasini bajardi. Shu bilan birga ayrim jamoalarda ikkinchi murabbiy nomi ostida ham faoliyat ko‘rsatib kelgan. Endilikda esa pro-ligada «Sho‘rtan»ni Superligaga qaytarish uchun ishga kirishgan. Hozircha uning jamoasi boshqalarga qaraganda eng ko‘p g‘alabaga erishib turibdi.
kovshov 2
«Istiqlol» - Sergey Lebedev
Farg‘onaning «Istiqlol» jamoasi o‘tgan yili ham Superligaga chiqish uchun qattiq harakat qilgandi. Biroq yakunda pley-off bahsida OKMKga imkoniyatni boy bergandi. Shunga qaramasdan bu yil ham farg‘onaliklar Superligaga chiqish orzusidan voz kechishgani yo‘q. Taniqli futbolchi bo‘lgan Sergey Lebedev esa o‘zining murabbiylikdagi salohiyatini ushbu jamoa orqali namoyon etmoqda desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Lekin kutilmaganda Lebedev boshchiligidagi «Istiqlol» ikkinchi davrani ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. Avvaliga o‘z uyida «Oq-tepa»ga 2:3 hisobida yutqazib qo‘ygan bo‘lsa, keyin safarda «Sho‘rtan»ga ham kichik hisobda imkoniyatni boy berishdi. Ammo hali «Istiqlol»ning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlari pasaygani yo‘q. Boisi, hozirda «Mash’al», «Sho‘rtan» hamda «Istiqlol» 27 tadan ochkoga ega. Faqat ularning orasida «Istiqlol» to‘plar nisbatiga ko‘ra uchinchi o‘rinda boryapti. Ko‘pchilikdan esa Lebedev haqida iliq fikrlarni eshitayotganimiz ham bor gap. Uning o‘ziga yarasha futbolga qarashlari bor va jamoani barqarorlik sari etaklab borayotgani aytilmoqda. Albatta, bu yo‘lda past-balandliklar bo‘lishi tabiiy. Shunday bo‘lsa-da, klub rahbarlari uning oldiga Superligaga chiqishni aniq vazifa qilib belgilashgan. Buni esa murabbiyning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi.
lebedev2
«Xorazm» - Aleksandr Ejov
O‘z vaqtida elitada qatnashgan va keyinchalik quyi divizionning doimiy ishtirokchisiga aylanib qolgan «Xorazm» jamoasi odatda etakchilarga qarshilik ko‘rsatadigan klubga aylanib bormoqda. Lekin bundan ortig‘iga jamoaning qurbi etmayapti. Tom ma’noda aytganda, «Xorazm» pro-liga jamoasiga aylanib bo‘ldi. Urganchliklarni esa klubning sobiq futbolchisi Aleksandr Ejov boshqarib bormoqda. Hozircha esa ular yuqoridagi uchlikdan keyingi o‘rinni band etib turishibdi. Ejov haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, futbolchilik faoliyatida bir qator oliy liga klublarida to‘p surgan. Lekin biror-bir yutuqni qo‘lga kiritganini eslay olmaymiz. Murabbiylikda esa «Xorazm»da ishlash orqali tajriba to‘plab boryapti.
«Oq-tepa» - Ravshan Bozorov
Yaqinda bu jamoa bilan taalluqli xabar chiqdi. Ya’ni, O‘FA kelishilgan o‘yinlar hamda totalizatorga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruvlariga ko‘ra «Oq-tepa» jamoasida bosh murabbiy sifatida ishlagan sobiq futbolchi Yaroslav Krushelnitskiy bir yilga futboldan diksvalifikatsiya qilindi. Chunki uning totalizatorga aralashgani ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, aslida bu lavozimda Ravshan Bozorov ishlayotgandi. Ammo u sog‘ligini tiklayotgani bois bu lavozimda boshqa mutaxassislar ishlab turishibdi. Shuningdek, bu jamoada «Metallurg»da uzoq yil to‘p surgan sobiq futbolchi Saidkomil Akbarov ham murabbiy sifatida ishlab kelmoqda. Shuningdek, hali futbolchilik faoliyatini rasman tugatgani e’lon qilinmagan hujumchi Alisher Shog‘ulomov ham «Oq-tepa»da rasmiylardan biri sifatida qaydnomalardan joy olmoqda. E’tiborlisi shundaki, ayni paytda O‘zbekiston Kubogi chorak finali ishtirokchilari orasida pro-ligadan birgina «Oq-tepa» etib kelganini ham unutmaslik kerak.
«Neftchi» - Asad Do‘rmonov
Katta tarixga va mavqega ega bo‘lgan «Neftchi» qanday kunlarga qoldi? Ochig‘i, klubni bunday ahvolda ko‘rish achinarli. O‘tgan yili rasman pro-ligaga tushib ketdi. Keyin esa «Neftchi»ni ko‘pchilik yana tezda Superligaga qaytadi deb o‘ylashgandi. Biroq aftidan bu jamoaning tepasidagi qora bulutlar hali beri tarqamaydigan ko‘rinadi. Moliyaviy tomondan qiyinchiliklarni ko‘rayotgan «Neftchi» garchi o‘z oldiga Superligaga qaytish vazifasini qo‘ygan bo‘lsa-da, ko‘rinishidan buni eplash farg‘onaliklar uchun juda qiyin. Boisi, ular shu kungacha 13 ta o‘yinning faqat 6 tasida g‘alaba qozonishdi va 7 tasida yutqazishdi. Superligaga chiqaman degan jamoa esa bu qadar oz g‘alaba va ko‘p mag‘lubiyatga uchramasligi kerak. Bosh murabbiy bo‘lib ishlayotgan Asad Do‘rmonov esa barchaga yaxshi tanish. Ammo uning bir o‘ziga klubni boshqarish ham qiyin kechmoqda.
«Sherdor» - Baxtiyor Sattorov
Samarqandning «Sherdor» jamoasiga pro-liganing «A» guruhida munosib ishtirok etish bir muncha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Boisi ular autsayderlardan biriga aylanib qolgan. Bu jamoani esa mahalliy murabbiy Baxtiyor Sattorov boshqarib kelmoqda. Ko‘pincha u ijtimoiy tarmoqlarda faol ko‘rinish beradi. Uning jamoasi esa bu guruhda jon saqlab qoladimi yoki yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
«Iftixor» - Mahmud Matkarimov
Oltiariqning «Iftixor» jamoasi «A» guruhidagi yaqqol autsayder. Shu paytgacha 14 ta uchrashuvda bitta g‘alaba, ikkita durang va qolgan 11 ta uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan holda bor-yo‘g‘i 5 ochko jamg‘ardi. Aslida «Iftixor»ning mavsum boshida pro-ligada qatnashishi so‘roq ostida turgandi. Lekin keyinchalik bu jamoa yana musobaqaga qo‘yildi va «A» guruhidan joy olishga erishgandi. Biroq ularning bu erda kuchsizligi yaqqol ko‘rinib qoldi. Hozircha esa «Iftixor»ni andijonlik Mahmud Matkarimov boshqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Har holda o‘yin qaydnomalarida bosh murabbiy sifatida uning nomi ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, birinchi davrani «Neftchi»da futbolchi sifatida o‘tkazgan hujumchi Nosir Otaqo‘ziev «Iftixor»da rasmiy shaxslardan biriga aylangani ham e’tiborga molik. Qiziq, maqsadi bo‘lmagan bunday jamoalarning pro-liga «A» guruhida ishtirok etishidan nima naf?
 

13.08.2019, 22:21 10 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish