Gollandiya. 1-tur: «Ayaks»ning muvaffaqiyatsizligi va boshqa sensatsiyalar

«Lolalar yurti»da yangi futbol mavsumiga start berildi. O‘tgan mavsumda «Ayaks»ning Chempionlar Ligasidagi ishtiroki sabab mazkur chempionatga qiziquvchilar soni sezilarli ravishda ortgandi. Oldingi gal chempion nomiga so‘ngi turda oydinlik kiritilgandi. Yangi mavsum ham bizga ko‘p narsalarni va’da qilmoqda. Zero, chempionat medallarining amaldagi sohiblari dastlabki turdanoq ochko yo‘qotib ulgurishdi.
«Ayaks» birinchi turdayoq ochko yo‘qotdi (2:2).
Dastlab, «Vitess» o‘z maydonida amaldagi chempionni qabul qildi. Mavsumlar oralig‘ida Xakim Ziyex, Dushan Tadich, Lasse Shyone, David Neres, Donni van de Beklarni saqlab qola olgan «Ayaks»ning muvaffaqiyatini kutgandik. Shu kuni mehmonlar himoyasining markazida yangi tandem o‘ynadi. Lisandro Martines (21 yosh) va Perr Sxyurs (20 yosh) tandemi uchrashuv mobaynida bir necha bor qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Jamoa himoya chizig‘i judayam zaif ko‘rindi. Mezbonlarning  2-goli muallifi Rishedli Bazur to‘pni egallab olib, bemalol jarima maydonchasiga kirib kelib zarba bergunga qadar hech kim unga qarshilik qilolmadi. Ammo quvnoq hujum chizig‘i 2 gol kiritib, durangni ta’minladi. «Real»ga o‘tishi tahmin qilinayotgan Doni van de Bek gol urishdan tashqari, Dushan Tadichning goliga hammualliflik  qildi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. Jamoa etakchisi Deyli Blind esa tayanch zonasidagi faolligi bilan ajralib turdi.
«PSV» va «Feynoord» esa chempionat debyutantlarini mag‘lub qilolmadi.
«Tvente» maydonida mehmon bo‘lgan eydxovenliklar  1:1 hisobi bilan ortga qaytishdi. Dastlab, mezbonlar vakili Keito Nakamura qanotdagi reydidan so‘ng, o‘zining superzarbasi bilan hisobni ochdi.2000 yilda tug‘ilgan yaponiyalik futbolchi «Moviy samuray»larning yangi yulduziga aylansa, ajab emas. (Bizning 19 yoshli futbolchilarimiz uchun Superligamiz klublarining asosiy tarkibida joy topilmayotgan bir paytda havas qilsa, arzigulik natija.) 65-daqiqada burchakdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llagan Dyumfris Mark van Bommel jamoasiga 1 ochko keltirdi. Umidli yaponiyalik futbolchi bahsning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
«Feynoord» esa o‘z maydonida yana bir debyutant Rotterdamning «Sparta» klubini qabul qildi. Qiziq tomoni shundaki, oson g‘alaba qozonishi kutilgan mezbonlar  90+4-daqiqada Sem Larson kiritgan gol evaziga zo‘rg‘a bir ochkolik bo‘lishdi.
Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
Manba:Penalti.uz

"Ayaks", Feyenoord, Psv

05.08.2019, 03:08 62 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish