«MYu»ning Portugaliyadan xaridlari yoxud Ronaldudan Fernandeshgacha

Portugaliya chempionati azaldan yosh futbolchilar uchun yaxshi tranplin vazifasini o‘tab kelgan. Shuning uchun bu musobaqa har doim grand klublar skautlarining e’tibor markazida turadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, yaqin soatlar ichida «Manchester Yunayted» mazkur chempionat vakili Bruno Fernandesh transferini e’lon qiladi. Mazkur xarid amalga oshsa, Bruno «MYu» bu chempionatdan xarid qilgan 7-futbolchiga aylanadi. Shunday ekan, quyida «Qizil iblislar»ning portugal diyoridan amalga oshirgan barcha xaridlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Krishtianu Ronaldu (2003 yil. 19 million evro). «Ronni» professional karerasini 2002 yil «Sporting» klubi tarkibida boshladi. U 16 yoshidayoq «Liverpul» ustozi Jerar Ule nazariga tushdi, ammo «mersisaydliklar» Krishtianuning imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olmadi. Bo‘lajak yulduz yoshligi tufayli «qizillar» uning transferidan voz kechdi. «Sporting»dagi muvaffaqiyatli bir mavsumdan so‘ng «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidagi ajoyib harakatlari uning kelajagini belgilab berdi. «Ron» 19 million evro evaziga «mankunian»ga aylandi va klub safida 2009 yilgacha 307 uchrashuvda maydonga tushib, 130 ta gol urdi.
Luish Nani (2007 yil. 25 million evro). 2003 yilda Ronaldu «Sporting»ni tark etgach, uning o‘rnini to‘dirish maqsadida yoshlar jamoasida harakatlanayotgan Nani asosiy jamoa tarkibiga kiritildi. Futbolchi bu qaror xato emasligini yillar o‘tib isbotladi. Zero, 2007 yilda 21 yoshli futbolchini Aleks Fergyuson O‘z jamoasida ko‘rishni xohladi va bu xarid «MYu» rahbarlariga 17 million funt-sterlingga tushdi. 2015 yilgacha «qizil iblislar» sharafini himoya qilgan futbolchi 262 uchrashuvda 49 gol kiritishni uddaladi. Nani bugungi kunda MLS vakili «Orlando Siti» sharafini himoya qilmoqda.
Anderson (2007 yil. 18 million funt). 2005 yilgi Peru maydonlarida o‘tkazilgan «kichik mundial»ning eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan braziliyalik futbolchi «Gremio»dan «Portu»ga transfer qilingandi. Endigina 17 yoshga to‘lgan futbolchi «ajdar»lar safida 2 yil to‘p surdi. 2007 yilda Nani bilan birgalikda «MYu»ning yangi futbolchisiga aylandi va 2015 yilgacha 181 bahsda maydonga tushdi. 31 yoshli futbolchi bugungi kunda turk chempionati vakili «Adana Demirspor» sharafuni himoya qilmoqda.
Markos Roxo (2014 yil. 20 million funt). Braziliyadagi mundial Roxoning kelajagiga yaxshi ta’sir qildi. «Sporting»ni argentinalik himoyachisi «qizil iblislar» safini to‘ldirdi. Transferdan lissabonliklar 16 million, Markosning oldingi jamoasi «Spartak» (Moskva) esa 4 million funt ishlab oldi. Jarohatlarga moyil himoyachi bugunga qadar «mankunianlar» safida 113 uchrashuv o‘tkazdi. Jumladan, oxirgi mavsumda 6 bor maydonga tushdi, xolos.
Viktor Lindelyof (2017 yil. 35 million evro). Shvetsiyalik himoyachi «MYu» safiga «Benfika»dan kelib qo‘shilgandi. Ortda qolgan ikki mavsumda jamoa safida 72 bor maydonga tushishga ulgurdi. Uning hisobida bitta gol ham bor.
Diogu Dalot (2018 yil. 19 million funt). 2018 yil «Portu» safida mamlakat chempioni bo‘lgan 19 yoshli Dalotni Joze Mourino Manchesterga olib keldi. Mourino ta’biri bilan aytganda, «o‘z yosh toifasida qit’aning eng yaxshi qanot himoyachisi» o‘tgan mavsumda 23 bor maydonga tushishga ulgurdi.
Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
Manba:Penalti.uz

"Manchester Yunayted", "Yuventus" Krishtianu Ronaldu, Portugaliyalik Luish Nani, Sporting, «Portu»

31.07.2019, 11:06 95 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish