Qatar Yulduzlar Ligasining yangi yulduzlari

Qatar yulduzlar ligasi jahon futbolining eng yirik nomlarini muntazam ravishda o‘ziga jalb qilishi bilan bizni muntazam ravishda hayratga solib kelgan. Joriy transfer oynasida ham Qatar klublari e’tiborga molik bir-nechta xaridlarni amalga oshirishdi.
Islandiya sardori Al-Arabida. 2016 yil Frantsiya maydonlarida o‘tkazilgan Evropa chempionati bahslarining kashfiyotiga aylangan islandlar jamoasida yon chiziqdan to‘pni ancha uzoq masofaga uloqtirib beradigan Aron jamoaning sardori edi. O‘sha chempionatda muxlislar nazariga tushgan Aron Gunnarsson endi faoliyatini «Al-Arabi» safida davom ettiradi. 30 yoshli futbolchi bunga qadar 8 yil davomida Uelsning «Kardiff Siti»si sharafini himoya qildi. Ta’kidlash joizki, Gunnarsson Qatar jamoasi tarkibiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi.
«Roma» va «Arsenal» qiziqishlari doirasidagi futbolchi «Al-Rayyan» safiga qo‘shildi. 2014/2019 yillarda «Portu» jamoasi sharafini himoya qilgan Yasin Braimi so‘ngi paytlarda bir-nechta grand klublar nishonida turgandi. O‘tgan mavsum «Portu»safida barcha musobaqalarda 49 uchrashuvda maydonga tushib 13 gol va 9 asistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan futbolchi mavsum yakunida erkin agentga aylandi. Parijda tug‘ilgan Jazoir milliy terma jamoasi vakili evropada qolib, o‘sishga erishishdan ko‘ra Abdulla bin Xamad al-Tani taklif etgan katta miqdordagi maoshni ma’qul ko‘rdi.
«Sevilya» himoyachisi ham Abdulla bin Xamad al-Tani jamoasida. Gabriel Merkado ham Braimi singari «Al-Rayyan» prezidenti taklif etgan yirik maoshdan ko‘ngil uzolmadi. Argentinalik himoyachi o‘tgan mavsum sevilyaliklar tarkibida 34 uchrashuvda maydonga tushdi va 3 ta gol kiritdi. Garchi, hali Evropa darajasida to‘p sura olsa ham, Osiyo maydonlari sari ravona bo‘ldi.  32 yoshli futbolchi ham erkin agent maqomi bilan Qatar klubini kuchaytirdi.
«Nyukasl»ning senegallik futbolchisi Xosep Gvardiola to‘p surgan klubga o‘tdi. Gap Moxamed Diame haqida bormoqda. Faoliyati davomida «Rayo Valekano», «Vest Xem», «Xall Siti» jamoalarida to‘p surgan futbolchi so‘ngi 3 mavsum «Nyukasl Yunayted» sharafini himoya qildi. Transfer oynasi ochilgach futbolchi erkin agent sifatida Qatarning «Al-Axli» jamoasi tarkibiga qo‘shildi. U sobiq jamoasi safida o‘tgan mavsum 29 bahsda maydonga tushgandi. Eslatib o‘tamiz, Xosep Gvardiola mazkur klub safida 2003/2005 yillarda to‘p surgan.
«Liverpul»ning sobiq futbolchisi ham Diame bilan bir jamoada to‘p suradi. «Al-Axli» tarkibiga «Leganes» hujumchisi Nabil el-Jar ham tekinga kelib qo‘shildi. U o‘tgan mavsum Ispaniya chempionatida 27 uchrashuvda maydonga tushib 4 gol muallifiga aylangandi. Eslatib o‘tamiz, Nabil 2006/2011 yillarda «mersisaydliklar» safida o‘ynagan. Marokashlik hujumchi faoliyatining e’tiborli tomoni shundaki, yaqinda 33 yoshga to‘ladigan futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun klublar atigi 265 ming evro miqdorida pul sarflashgan. U qolgan holatlarda erkin agent maqomi bilan jamoalar tarkibini kuchaytirib kelmoqda.
Bundan tashqari, bir paytlar nemis futbolining bo‘lajak eng kuchli hujumchisi, deb bashorat qilingan Per Mishel Lasogga, «Bunyodkor»ning sobiq futbolchisi Joao Viktor, eronlik Karim Ansarifard, «Espanol» futbolchisi Ernan Perez kabi futbolchilar Qatar klublari safini to‘ldirdi.
E’tiborlisi, qatarliklar yuqorida nomlari ko‘rsatilgan futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olish uchun bir dollar ham sarflashmagan. Xitoyliklardan farqli ravishda Qatar klublari futbolchining o‘zi bilan kelishadi va unga katta maosh taklif qiladi. Futbolchi esa shartnomasi tugagach erkin agent sifatida jamoa safiga kelib qo‘shiladi. Transfer siyosatidagi bu uslub ko‘rsatyaptiki, Qatar futboli har tomonlama tekis va ravon yo‘lda.
Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
Manba:Penalti.uz

"Liverpul", «Portu», «Sevilya»

26.07.2019, 13:15 78 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish