«Hindiston 2017»da porlagan inglizlarning bugungi ahvoloti haqida

2017 yil  Hindistonda o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon kubogi musoboqasi katta futbolga inglizlarning katta «gvardiyasi» kirib kelayotgani haqida yorqin taassurotlar uyg‘otgandi. Ammo bu yoshda futbolchilar hali rivojlanish bosqichida bo‘lganligi uchun barcha taassurotlar aldamchi bo‘lishi ham mumkin edi.
Biroq ortda qolgan 2 yil amalda ko‘rsatdiki, ushbu avlod hali o‘z so‘zini aytishga qodir. O‘sha kichik mundialda inglizlar 7 uchrashuvda 23 bor gol kiritib, 6 marta o‘z darvozalaridan to‘p olib chiqishgan va yakunda chempionlikni tantana qilishgandi. O‘sha yilgi qit’a birinchiligida ushbu yigitlar finalda ispanlarga imkoniyatni boy bergandi. Mazkur bahslarda inglizlar tarkibida Rian Bruster, Djeydon Sancho, Fil Foden, Kallum Xadson-Odoi, Morgan Gibbs-Uayt va Eyndjel Gomeslar ajralib turishgandi. Yuqoridagi nomlarning barchasi hamon mutaxassislar e’tibor markazida turibdi.
Misol uchun, Djeydon Sancho 2000 yil 25 martda Londonda tug‘ilgan futbolchi 2017 yilning 31 avgustida «Manchester Siti»dan «Borussiya Dortmund» safiga borib qo‘shildi. Dortmundliklar 17 yoshli futbolchiga jamoani tark etgan Usmon Dembelening raqamini (7) berishdi. Transfer qiymati 7,84 million evroga baholangandi. Oradan ikki yil o‘tgach, «transfermarkt.de» ma’lumotlariga qaraganda uning transfer narxi 100 million evro miqdorida ko‘rsatilgan. Sancho Bundesliganing yakunlangan mavsumida 34uchrashuvda maydonga tushgani holda 12 gol va 17 asistni amalga oshirdi. Mukammal texnika va yuqori didli aniqlik bilan amalga oshiriladigan betakror uzatmalari uning ustun tomonlari hisoblanadi.
Kichik mundialning «Eng yaxshi futbolchisi», deb topilgan Fil Foden ham «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. «Shaharliklar»ning yulduzli tarkibida raqobatga dosh berish ancha murakkabdir. Foden o‘tgan mavsum Pep Guardiolaning nazariga tushdi va barcha musoboqalarda 26 uchrashuvda maydonga tushdi. Maydonda o‘tkazgan 1107 daqiqasi mobaynida 7 gol kiritib, 2 golga hammualliflik qildi. 19 yoshli hujumkor yarim himoyachi bugungi kunda 25 million evroga baholanmoqda. Fil yuksakroqni ko‘zlagan bo‘lsa, kelasi mavsumda biror o‘rtamiyona jamoaning asosiy tarkibida harakatlanishi kerak. Aks holda, undan kutilgan yorqin kelajak sarobga aylanishi mumkin.
Hindistondagi musoboqada Sancho o‘ng qanot vingeri sifatida, Foden esa hujumchi ortida harakatlangan bo‘lsa, chap qanot hujumchisi zonasi Kallum Xadson-Odoiga tegishli edi. O‘tgan mavsum «aristokratlar» safida barcha musoboqalarda 29 uchrashuvda maydonga tushib 6 gol va 7 asistni amalga oshirdi. 18 yoshli tezkor futbolchi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Hatto, «Bavariya» u bilan faoliyatini yakunlagan Frank Riberining o‘rnini to‘ldirmoqchi bo‘ldi. «Chelsi» muxlislari esa kelasi mavsumda Kallumni jamoa etakchisi rolida tasavvur etishyapti. Uning transfer bahosi 35 million evro miqdorida belgilangan.
Morgan Gibbs-Uayt o‘tgan mavsum «Vulverxempton» safidagi harakatlari bilan tanila boshladi. Mavsum davomida zahiradan maydonga tushish bilan kifoyalangan yarim himoyachidan «bo‘rilar» muxlislarining umidi katta. O‘tgan mavsum 26 bahsda maydonga tushgan futbolchining transfer bahosi 8 million evro deb ko‘rsatilgan.
O‘tgan mavsum Rian Bruster «Liverpul» yoshlar jamoasi safida harakatlandi. 2017 yilgi kichik mundialda aynan u inglizlarning «to‘qqizlik hujumchi»si vazifasini bajargan va chempionat yakunida mutloq to‘purarga aylangandi (8 gol bilan). Hozir mavsum oralig‘idagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida Yurgen Klopp uni faol tarzda sinab ko‘rmoqda. Katta ehtimol bilan, kelasi mavsum Firmino va Origilar bilan raqobatlashadi. 
So‘ngi vaqtlarda ingliz futboli terma jamoa miqyosida ham, klublar miqyosida ham faol rivojlanib bormoqda. Xalqaro maydondagi natijalar buning yorqin dalili hisoblanadi. Yuqorida nomlari tilga olingan futbolchilar ham qachondir ingliz futbolini yanada yuqori marralarga ko‘tarishlari mumkin. Zero, bugungi ingliz  mutaxassislari ularga shunday baho berishmoqda.
Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
Manba:Penalti.uz

"Liverpul"., Angliya, Sancho, «Manchester Siti» Filipp Foden

24.07.2019, 00:46 66 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish