"Andijon" ikkinchi davraga tayyorgarlikni Yangierda olib boradi

"Andijon" jamoasi tarkibida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
Birinchi davrani ko‘ngildagidek o‘tkaza olmagan «Andijon» klubi ham yozgi ta’tilga chiqdi. Xabaringiz bor, «Burgutlar» yakuniga etgan birinchi davradan keyin turnir jadvalida 13-o‘rinni egallab turishibdi. Agar jamoa o‘yini tahlil qilinadigan bo‘lsa, muammoli vaziyatlar ko‘p bo‘lganiga guvoh bo‘lish mumkin. Buni murabbiylar almashganidan ham bilib olshi qiyin emas.
E’tiborlisi, andijonliklar 13 ta o‘yinning bor yo‘g‘i bittasidagina g‘alaba qozonishdi. Shuningdek, durang va mag‘lubiyatlar oltitadanni tashkil qilmoqda. Birinchi davra shuni ko‘rsatib berdiki, jamoa o‘yinidagi muammoli chiziqlar ko‘rinib qoldi.
Endi esa tarkibni va o‘yinni kuchaytirish muhim masalaga aylanib qoldi. Chunki birinchi davrada yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini ikkinchi davrada qoplashi lozim. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov esa jamoadagi mavjum kamchiliklarni ko‘rdi va endi zaif nuqtalarni kuchaytirish ustida bosh qotirmoqda.
Ayni paytda Superligada bir qator jamoalar yozgi yig‘inni boshlashgan bo‘lsa, ayrimlari endi ta’tilga chiqishdi. «Andijon» jamoasi esa Superligadan keyin Liga Kubogi bahslarida deyarli asosiy tarkib bilan ishtirok etgani bois qisqa muddatli ta’tilga chiqishgan. Etakchi futbolchilardan Ildar Mamatkazin, Oybek Qilichev, Ro‘zim Ahmedov hamda Abror Husinov Liga Kubogi uchrashuvlaridan ozod etilishgandi. Hozirda bosh murabbiy ikkinchi davra uchun rejalarni tuzib chiqmoqda. Bu borada esa Xomyakov yozgi yig‘inni qachon va qaerda o‘tkazishi borasida ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.   
- «Navbahor»ga qarshi Liga Kubogidagi oxirgi o‘yindan keyin futbolchilarga besh kunlik dam berganmiz. Rejamiz bo‘yicha 14 iyul kuni biz Toshkentda to‘planamiz. Ertasiga futbolchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi. Shundan keyin jamoamiz bilan Yangierga otlanamiz. Chunki ikkinchi davraga tayyorgarlikni o‘sha erda olib boramiz. U erda esa ikkita nazorat uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirib qo‘yganmiz. Shuningdek, Yangierdagi bir kunimizni test sinovlariga ajratamiz. Shundan keyin 23 iyul kuni Andijonga qaytib, tayyorgarlikning qolgan qismini o‘zimizda davom ettiramiz va «Buxoro»ga qarshi o‘yinga hozirlik ko‘ramiz, - deya javob berdi, Aleksandr Andreevich.
Ma’lumki, u «Mash’al»ni boshqargan paytida jamoasi bilan asosan Yangierda shug‘ullanardi. Shuning uchun bosh murabbiy yangi jamoasi bilan ham yana o‘sha erda yig‘in o‘tkazishni ma’qul ko‘rdi. Boisi Yangierdagi sharoit va imkoniyatlarni yaxshiroq bilgani uchun ham «Andijon» bilan o‘sha erda tayyorgarlik ko‘rishni lozim topdi. Darvoqe, andijonliklar Liga Kubogida o‘z guruhida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgan holda keyingi bosqichga yo‘l olishdi. E’tiborlisi, «Andijon» klubi Superliganing 13 ta o‘yinida raqiblar darvozasiga 10 ta gol urgan bo‘lsa, Liga Kubogining 3 ta uchrashuvda 7 ta gol urishga erishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogining 3-bosqichida «Buxoro» darvozasiga to‘rtta gol urdi. Umuman olganda, Aleksandr Xomyakov kelgach, jamoa hujumkor o‘yin ko‘rsata boshlaganini natijalaridan bilib olsa bo‘ladi. Lekin hali «Andijon» Xomyakov boshchiligida Superligada g‘alaba qozona olgani yo‘q. Yangi murabbiy asosan O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogi bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Balki Kubok bahslarida jamoa oldiga jiddiy vazifa qo‘yilganmi? «Andijon» ustozi esa bu masalaga quyidagicha javob qaytardi:
xomyakov_2
- Albatta, bu savol hammani qiziqtiradi. Afsuski, bizda hozircha g‘alabalar O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogida bo‘ldi. Lekin ayni paytda biz o‘yinlarni ajratib o‘tirmaymiz. Aksincha, biz uchun har bir uchrashuv muhim ahamiyat kasb etadi. To‘g‘risi, Kubok bahslarida oldimizga aniq maqsadlar qo‘ymaganmiz. Asosiysi shuki, mana shunday Kubok o‘yinlari orqali o‘zimizga bo‘lgan ishonchni kuchaytirmoqchimiz.
Bir tomonda qaraganda, murabbiy haq, har qanday o‘yindagi g‘alaba jamoa a’zolariga qo‘shimcha kuch va ruh bag‘ishlaydi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, baribir Superligadagi natija birinchi raqamlisi hisoblanadi. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, jamoa qanday qilib bo‘lmasin ikkinchi davrada albatta kuchayishi shart. Aks holda yana muammolar boshlanadi. Xomyakov jamoaga yaqinda keldi va hozirgi tarkibni u tuzmagan. Balki uning talablariga mos tushmaydigan futbolchilar ham bo‘lishi mumkin. Biz esa undan aynan shu haqida so‘raganimizda shunday dedi:
- Bu haqida gapirishni xohlamasdim. Har qanday holatda ham biz tarkibga yana yangi o‘yinchilarni olmoqchimiz va raqobatni kuchaytirmoqchimiz. Qachonki, yangi futbolchilarni qo‘lga kiritsak, shunda tarkibimizdagi raqobat yanada kuchayadi. Qachonki, jamoada kuchli raqobat vujudga kelsa, shunda o‘yin ham kuchayadi va g‘alabaga bo‘lgan intilish ham ortadi.
O‘z navbatida shuni ham ta’kidlash joizki, «Andijon» klubi sport direktori sifatda moldaviyalik mutaxassis Nikolay Minchev ish boshladi. U Liga Kubogi doirasida «Navbahor»ga qarshi kechgan bahsda stadionda o‘yinni kuzatib bordi. Aytish mumkinki, bungacha «Nasaf»da ushbu lavozimda ishlagan Nikolay Ilich endi Aleksandr Xomyakovga yaqindan yordam beradi. Tez orada tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
 

12.07.2019, 08:32 12 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish