Ilhom Sharipov: "Futbolchilardan hech qanday qarzimiz yo‘q"

"Dinamo"ning ikkinchi davra uchun rejalari tayyor
 
Superligaga qo‘shimcha imtiyoz sifatida qaytarilgan Samarqandning «Dinamo» jamoasini aksariyat muxlis va mutaxassislar autsayder sifatida tilga olishgandi. Chunki jamoa tarkibi ham o‘rtamiyona ko‘rinishda edi. Lekin bosh murabbiy Davron Fayziev boshchiligidagi jamoa birinchi davrada «chaqilmas yong‘oq»qa aylana olishdi. Natijada ular birinchi davrani 7-o‘rinda tugatishdi. Endi hamma «Dinamo»ga hurmat va munosib raqib sifatida qaray boshladilar. Bu jamoa mavsumning dastlabki qismida ko‘plab syurprizlarni taqdim eta oldi deyish mumkin. Jamoa bosh menejeri Ilhom Sharipov Davron Fayziev bilan birga to‘g‘ri yo‘nalishda mehnat qilishayotgani tufayli ham bugungi kunga kelib samarqandliklarda kurashuvchan va mehnatkash jamoa gavdalandi. Lekin hali oldinda ikkinchi davra bahslari ham borligini unutmaslik kerak. Tabiiyki, mahalliy muxlislar ikkinchi davrada ham «Dinamo»dan g‘alabalarni kutishmoqda. Bosh menejer Ilhom Sharipov bilan muloqotimizda esa ikkinchi davra uchun tayyorgarlik rejalari, tarkibdagi o‘zgarishlar va yana boshqa masalalar xususida fikr almashdik.  
- Ikkinchi davra uchun tayyorgarlikni 12 iyuldan boshlaymiz, - deb gap boshladi, Sharipov. - Bir hafta davomida Chimyonda shug‘ullanamiz. 19 iyuldan esa mashg‘ulotlarimizni Toshkentda davom ettiramiz va 27 iyulga qadar yig‘inlar o‘tkazamiz. Hozircha bitta nazorat uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishganmiz. Unga ko‘ra 20 iyul kuni «Navbahor»ga qarshi maydonga tushamiz.
- Faqat bitta nazorat uchrashuvi tashkil etiladimi?
- Biz futbolchilarga besh kunlik dam berganmiz. Ilgari esa o‘yinchilar birinchi davradan keyin 15 kuncha hordiq chiqarishardi. Bu yil esa hammasi boshqacha. Lekin hamma bir xil vaziyatda. Biz tog‘dan tushiboq bitta o‘yin o‘tkazsak, keyin 27 iyulda ikkinchi davraning ilk turida «Bunyodkor»ga qarshi rasmiy uchrashuvda maydonga tushamiz. Balki 20 iyul kuni ikkita o‘yin o‘tkazishimiz ham mumkin.  
- Eshitishimizcha, «Dinamo»ni bir qator futbolchilar tark etgan. Shular haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz?
- Vohid Shodiev, Maksimilian Fomin, Avaz Agaliev va Otabek Narzullaevga javob berdik. Ularga minnatdorchilik bildiramiz. Lekin hali o‘zimiz jamoamizga hech kimni taklif qilganimiz yo‘q. Bilmadik, kimni taklif qilar ekanmiz? Hozircha Davron Fayziev ham klubga kimni chaqirish haqida o‘ylab o‘tiribdi. Agarda homiylarimiz pul ajratishsa, xorijdan legioner taklif qilish rejamiz bor. Agar vaziyat bo‘lmasa, ikkinchi davrani yana hozirgi tarkibimiz bilan davom ettiramiz.
- Klubni tark etgan o‘yinchilar ishonchni oqlay olishmadimi?
- Yo‘q, unday emas. Shunchaki, bosh murabbiy shunday qaror qabul qildi.
- Ulardan tashqari boshqa o‘yinchilar ham jamoani tark etishmaydimi?
- O‘ylaymanki, yo‘q. Hammani qo‘yib yuborsak, keyin ertaga kimlar bilan o‘ynaymiz. Futbolchi topish oson emas. Biror-bir klubga qo‘ng‘iroq qilib, palonchi futbolchini ber deb so‘rasangiz hech kim bermaydi. Faqat yoshlarni olib tarbiyalash kerak xolos. To‘g‘ri, bizda sharoit va imkoniyatlar katta emas. Lekin viloyat hokimiga rahmat aytishimiz kerak. Jamoa a’zolaridan umuman qarzimiz yo‘q. Oylik maoshlari va mukofot pullarining hammasini vaqtida to‘lab boryapmiz. Yaqinda stadionimizga yangi yoritgichlar keltirildi. Endi bemalol kechki paytda ham o‘ynay olamiz. Bungacha esa bizda yoritgichlar bilan bog‘liq muammolar bor edi. Endi yoritgichlarning quvvati 1500 lyuksga etadi.  
- «Dinamo» birinchi davrani yaxshi o‘tkazdi va 7-o‘rinda tugatdi. Harqalay, ko‘pchilik jamoadan bunday natijani kutmagandi…
- Yil boshida viloyat hokimi bilan gaplashganimizda 10-o‘rin vazifa qilib qo‘yilgandi. Hozircha esa 7-o‘rindamiz. Demak, natija chakki emas. Albatta, bundan-da, yuqoriroq o‘rinlarni olishni xohlardik. Biroq vaziyatga real qarash kerak, tarkibda kimlar o‘ynayotganiga e’tibor berish lozim. Xabaringiz bor, aslida biz bu tarkib bilan pro-liga uchun tayyorgarlik ko‘rgandik. Ammo shunga qaramay, futbolchilar o‘z kuchlariga ishonib o‘ynashyapti. Buning uchun ularga rahmat aytishimiz kerak. Ammo ikkinchi davra biz uchun yanada qiyin bo‘ladi deb o‘ylayapman. Nima uchun? Chunki safarda 8 ta, o‘z maydonimizda esa 5 ta o‘ynaymiz. Aslini olganda, birinchi davraning oxirida «Bunyodkor» bilan o‘yin Toshkentda o‘tishi kerak edi. Lekin keyinchalik «Bunyodkor» xat bilan chiqib, ularga qarshi o‘yinni Samarqandda o‘tkazdik.
- Tarkibni kuchaytirish juda ham zarurmi, nima deb o‘ylaysiz?
- Selektsiya ishlari bir daqiqaga bo‘lsa ham to‘xtab qolmaydi. Har qanday murabbiy har bir pozitsiyasida ikkitadan o‘yinchi bo‘lishini istaydi. Masalan, Otabek Narzullaev jarohat olib deyarli o‘ynagani yo‘q. Shuning uchun imkon qadar 22-24 nafar bir xil darajadagi futbolchilar bo‘lishi kerak. Kimdir qizil kartochka oladi, sariq kartochkalari ko‘payib ketishi mumkin yoki jarohatga uchrashi mumkin. Shu bois iloji boricha o‘yinchilar borasida keng tanlov bo‘lishi lozim. Albatta, biz imkoni qadar chetdan o‘yinchi olib kelishga harakat qilamiz. Agar bu ish o‘xshamasa, u holda o‘zimizning iqtidorli o‘yinchilarni izlab topishga harakat qilamiz. Masalan, «Bunyodkor», «Nasaf», «Paxtakor»dan ijaraga futbolchilar olishimiz mumkin.
- Ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayonidagi asosiy e’tibor nimaga qaratiladi?
- Biz nimaga toqqa chiqyapmiz? Bundan ko‘zlangan maqsad o‘yinchilarimizning jismoniy holatini yaxshilashdan iborat. Jismoniy kuchga ko‘p narsa bog‘liq. Agar futbolchining sifati past bo‘lsa, buni jismoniy tayyorgarlik bilan yopsa bo‘ladi. Muhimi, yigitlarimiz qo‘llaridan kelganicha harakat qilishyapti.
 

12.07.2019, 00:02 19 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish