UEFA Chempionlar Ligasi mukofot pullarini oshirdi

UEFA 2019/20 mavsumida evrokuboklar mukofot pullarining taqsimlanish sxemasini e’lon qildi.
 
Chempionlar Ligasi, Evropa Ligasi va Superkubokdan tushgan yalpi daromad 3,25 milliard evroga teng bo‘ladi. 
Evrokuboklar ishtirokchilariga 2,55 milliard evro mukofot puli ajratiladi. Shundan 2,04 milliard evroni Chempionlar Ligasi va Superkubok ishtirokchilari oladi. 510 million evro Evropa Ligasi ishtirokchilariga beriladi.
Chempionlar Ligasi guruh bosqichining 32 ishtirokchisidan har biri 15,25 million evro oladi. Har bir g‘alaba uchun 2,7 million evro, durang uchun 0,9 million evro bonus beriladi (oldin bu qiymat mos ravishda 1,5 va 0,5 million evroga teng edi).
1/8 finalga yo‘l olgan ishtirokchilarning har biriga 9,5 million evro, 1/4 finalga chiqqanlarga 10,5 million evro, 1/2 finalga etib borganlarga 12 million evro, finalchilarga 15 million evrodan beriladi. Chempionlar Ligasi g‘olibi 4 million evro bonus oladi.
Bundan tashqari, klublar reyting va marketing to‘lovlariga ham ega bo‘ladilar. Mukofotlarning to‘liq sxemasi UEFA saytida e’lon qilingan.

11.07.2019, 20:34 49 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish