Drogba haqida nimalarni bilasiz?

Dide Drogba 1978 yil 11 mart Kot-d’Iuvarda tavvallud topgan. 5 yoshida Frantsiyaga yo‘l oldi. Oilaviy muammolar sabab 8 yoshida uyiga qaytishga majbur bo‘ldi. Biroq, Iuvardagi inqiroz Drogbalarning frantsuz diyoriga ketishiga sabab bo‘ldi.
Drogba futbol sirlarini o‘rgana boshladi. Mahalliy yoshlar jamoalarida to‘p surdi. Dide dastlab himoya chizig‘ining o‘ng qanotida harakat qilar edi. Ammo, murabbiylar jismonan baquvvat, yakka kurashlarda engilmaydigan «Didi»ni markaziy hujum zonasiga ko‘chirishdi. Jahon futboli shu tariqa yana bir kuchli hujumchi bilan boyidi. «Le-Man»ning yoshlar jamoasidan 20 yoshida asosiy jamoa safiga qo‘shidi. 1999 yil ilk professional shartnomasini shu klub bilan imzoladi. 2002- yilgacha «Man» shahri jamoasida to‘p surdi.
2002- yil «Didi» atigi 80 ming funt evaziga Gengam safiga qo‘shilib, 34 uchrashuvda 17 gol urib to‘purarlar ro‘yxatiga kirdi. Floran Maluda bilan ajoyib tandem yuzaga keltirib barchani hayratga soldi.
2003 yil «Didi» «Olimpik Marsel»ga, Floran esa «Olimpik Lion»ga ravona bo‘lishdi. «Didi» 6 million evroga baholandi. «Olimpik» safida 55 uchrashuvda 31 gol urdi. «Partizan»ga qarshi chempionlar ligasi bahsida ilk xet-trikiga erishdi. Frantsiya chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi deb e’tirof etildi. To‘purarga «Arsenal» va «Chelsi» qiziqa boshladi. Didie esa Joze Mourinyo qo‘l ostida to‘p surishni xohladi. Transfer 2004 yil 21 iyulda amalga oshdi, 38 million evroga baholandi. Vaholanki, ikki yil muqaddam Didieni 80 ming funtga baholashgandi. «Aristokratlar» safida ko‘rsatgan o‘yiniga ortiqcha ta’rif shart emas. 8 yil ichida jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biriga aylandi(164 gol, 4-o‘rin). 2012 yil 19 may sanasida «Alianz Arena»da 88-daqiqada myunxenliklar darvozasiga kiritgan goli faoliyatidagi eng muhimi hisoblansa kerak.
 Shu o‘yindan keyin Londondagi missiyasi yakunlanganini e’lon qildi va chin yurtiga yo‘l oldi. Keyinchalik, Drogba «Shanxay Shexua», «Galatasaroy», «Chelsi»(Mourinyo qisqa muddatga qaytargandi), «Monreal»(Kanada), «Finiks Reyzing» jamoalarida to‘p surdi. Shunday qilib, hujumchi 2018 yilda butsalarini mixga ildi.
Darvoqe, «Didi»ning onasi bolalik yillarida o‘g‘lini «Tito» deb chaqirgan. Sababi Yugoslaviya prezidenti Iosif Broz Titoga o‘xshashini chin ko‘ngildan xohlagan. Balki, Dide o‘zini siyosatda ham sinab ko‘rar. Jorj Veya kabi mamlakat prezidentiga aylansa ham, ajab emas.
                                                                                               Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
                                                                                                manba:penalti.uz     

11.07.2019, 16:07 35 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish