Qit’adagi o‘rnimiz: Klublarimiz so‘nggi 5 yilda OChLda ko‘rsatgan karomatlari

Xalqaro turnirlarda jamoalarimiz ishtiroklarini kuzatib turib futbolimiz kundan kunga bo‘g‘ilib, o‘lib borayotganiga amin bo‘lasan kishi. Milliy jamoamizning maqtansa arzigulik natijalarga erisholmayotgani, chempionlar ligasi uchun bizning klublarimizga ajratilayotgan kvotalar qisqarishi evaziga boshqa raqiblarimiz kvotalarining soni o‘sib borishi, bu ham etmagandek, OChLda ishtirok etayotgan kam sonli jamoalarimizning xalqaro maydondagi ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarini tahlil qilib: «Bizda futbol rivojlanyapti», deyish chetdan turib kuzatayotgan insonning qah-qah urib kulishiga sabab bo‘ladi. Afsuski, bu - alamli va achchiq haqiqat. Undan qochib hech qayoqqa keta olmaymiz.
Ammo hamma bir xil fikrlamaydi. Tabiiyki, bizda futbol rivojlanyapti, deb iddao qiladiganlar ham topilib turibdi. Shundaylar uchun sevimli klublarimizning oxirgi yillardagi xalqaro maydondagi ishtiroklarini qit’adagi boshqa raqiblarimiz bilan solishtirib ko‘ramiz.
Oxirgi paytlarda klublarimiz OChL guruh bosqichidan ham yuqorilayolmay qolgani tufayli so‘ngi besh yilda guruh bahslarida necha ochko to‘plaganimizni hisoblab chiqamiz.
 
achl cup.jpg
 
2015 yil. Chempionlar ligasi guruh bosqichida 4 klubimiz ishtirok etdi. Tinib-tinchimas to‘rtovlon guruh bosqichi yakunida birgalashib 19 ochko ishlab olishdi («Nasaf» 8, «Paxtakor» 6, «Lokomativ» 4, «Bunyodkor» 1). Tasavvur qilib ko‘ring, Evropada shu kabi holat ispan yoki ingliz klublari bilan sodir bo‘lsa, sharmandalik o‘laroq qabul qilinadi. Ma’lumot o‘rnida, mazkur musobaqada Qatardan ikki klub ishtirok etgan. «Laxviya» va «Al-Saad» umumiy 23 ochko to‘plab klublarimiz uchun o‘rnak bo‘lishgandi.
 
15 nasaf.jpg
 
2016 yil. Yana o‘sha kvartet musobaqa final bosqichida ishtirok etdi va umumiy 28 ochko to‘plashdi («Lokomativ» 10, «Paxtakor» 10, «Nasaf» 5, «Bunyodkor» 3). Bu musobaqada ishtirok etgan forslarning 3 klubi 29 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi.
 
buni 2016.jpg
 
2017 yil. Klublarimizdan ikkitasi guruh bahslariga qo‘shildi va 36 ochkolik imkoniyatdan 8 ochko to‘plash bilan kifoyalandilar. Ushbu turnirda Qatardan ham ikki klub ishtirok etgan, «Laxviya» va «Al-Rayyan» yakunda 21 ochko jamg‘arishgan. Shuningdek, futboli bizdan ancha orqada deb hisoblaydiganimiz Tayland sharafini himoya qilgan «Muangtong» klubi bizning ikki klubimizga teng miqdorda ochko yig‘ishni uddalagandi.
 
17 loko.jpg
 
2018 yil. O‘tgan yilda «Temiryo‘lchilar» 7, «Ajdarlar» esa 10 ochko to‘plab guruhda qolib ketishgandi.
 
loko 17.jpg
 
2019 yil. Joriy masum «Sherlar» chempionlar ligasiga qaytdi. Juda kuchli tarkibni jangga tashlagan «Paxtakor»dan umidlarimiz nihoyatda katta edi. Ammo juda qiyin guruhdan o‘rin olgan Arveladze shogirdlariga omad etishmadi.  «Temiryo‘lchilar» nisbatan oson guruhdan o‘rin egallagan bo‘lsa-da yakunda natija muvaffaqiyatsiz bo‘ldi («Paxtakor» 8, «Lokomativ» 7 ochko).
 
paxta 19.jpg
 
Oxirgi 5 yillikda klublarimiz OChL guruh bosqichlarida 252 ochkolik imkoniyatdan 87 ochko to‘play oldi, xolos. 84 uchrashuvda maydonga tushgan klublarimiz 94 bor gol urishdi va 122 marta o‘z darvozlaridan to‘p olib chiqishdi. Solishtirish uchun, koreys klublari 360 ochkolik imkoniyatlardan 188 ochko to‘pladi. Xitoy jamoalari 342dan 187 ochko to‘pladi. Mundial yo‘lida kurashishimiz kerak bo‘lgan boshqa raqiblarimiz ham bizdan sezilarli farq bilan oldinlab ketishdi. Futbolimiz qit’adagi raqiblarimizdan barcha sohalarda ortda qolishga ulgurdi. Biz tobora o‘rtamiyona jamoaga aylanib boryapmiz. Milliy chempionatimizda to‘p suradigan futbolchilarning umumiy transfer qiymati yaponlarning ikkinchi divizionidan ham 2 barobar ortda turgani holda Ektor Kuperdan bizdan ikki bosh ustun jamoalarni ortda qoldirishni talab qilamiz. Shunday vaziyatda janob Kuperni mashhur «Uddalab bo‘lmas vazifa» filmidagi bosh qahramonga qiyos etsak xato bo‘lmaydi. Qachondir bizning futbolimiz jahonda eng kuchlisiga aylanishiga ishonadigan sodda muxlislarimiz uchun shu pallagacha imkonsiz hisoblangan bu vazifani janob Kuper uddalashi va futbolimiz qahramoniga aylanib ketishini tilab qolamiz.
                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                             
                                                                                                                                                             Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi

08.07.2019, 18:09 33 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish