Terma jamoa rekordchilari: Evropa

Futbol haqida gap ketar ekan, doim Milliy terma jamoalar mavzular ichida eng muhimi sanaladi, hisoblanadi.
Mazkur sport turini o‘ziga kasb qilgan har qanday inson mamlakat bosh jamoasida ishlash, ona yurt sharafini himoya qilishni xohlaydi, orzu qiladi. Bunday baxtga esa hamma ham sazovor bo‘lavermaydi. Hozir ushbu baxtga erishganlar orasidan eng yaxshilari, milliy jamoalari safida eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Dastkab, jahon futbolining yuragi, markazi hisoblanadigan «Ko‘hna qit’a» vakillari haqida navbati bilan so‘z yuritamiz.
Frantsiya. «Uchranglilar» 2 martadan jahon(1998, 2018) va Evropa chempioni(1984, 2000) hamda konfederatsiyalar kubogi(2001, 2003) g‘olibligini qo‘lga kiritishgan. Terma jamoa safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi Lilian Tyuram hisoblanadi, uning hisobida 1994/2008 yillarda o‘tkazilgan 142 o‘yin bor. Terri Anri esa «ko‘klar» tarixidagi eng yaxshi bombardir hisoblanadi, uning hisobida 1997/2010 yillarda o‘tkazilgan 123 matchda urilgan 51 ta gol bor. Undan keying o‘rinlarni Mishel Platini, Olive Jiru, David Trezege, Zinedin Zidanlar band qilib turibdi. «France Football» nashri o‘tkazgan so‘rovnomada Mishel Platini XX asrning eng yaxshi frantsiyalik futbolchisi deb topilgan. Mishel Idalgo terma jamoani eng uzoq boshqargan murabbiy hisoblanadi(1976/1984 yillar). Ammo, 2012 yilda tayinlangan Dide Desham katta ehtimol bilan bu ko‘rsatkichni yangilaydi. «Oltin to‘p» g‘olibligi frantsuzlardan Raymon Kopa, Mishel Platini(3 marta), Jan-Per Papen, Zinedin Zidanlargagina nasib etgan.
Portugaliya.”Evropa Braziliyasi” 2016 yilgi qit’a chempionligi va 2019 yilgi Millatlar ligasi g‘olibi hisoblanadi. Bu jamoa safidagi aksar rekordlarni bir kishi o‘rnatadi. O‘sha mashhur filmdagidek har qanday chaqiriqqa «men», deb javob beradigan Ronaldu terma jamoa safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan(159ta, keyingi pog‘onada Luish Figo 127ta) va hammadan ko‘p gol kiritgan (91ta). Undan pastki pog‘onadagi Pedru Pauleta hisobida esa 47 gol bor. «Oltin to‘p» esa portugallardan Eysebio(asli Portugaliya mustamlakasi hisoblangan Mozambikdan), Figo va Ronaldu(5 marta)larga nasib etgan.
Turkiya. Qardoshlarimiz bir martadan jahon kubogi(2002), Evropa chempionati(2008) va konfederatsiyalar kubogida bronza medalga sazovor bo‘lishgan. «Oy yulduzlari» safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish baxti Rushtu Rejberga nasib etgan(1994/2012 yillarda 120 bahs). Undan 8 ta kam o‘yin o‘tkazgan Hoqon Shukur esa terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi, u 1992/2007 yillar mobaynida 51 bor gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ta’kidlash lozimki, mundiallar tarixidagi eng tezkor gol muallifi, futbolchi sifatida millat qahramoni darajasiga chiqishga ulgurgan Hoqon Shukur keyinchalik siyosat bilan shug‘ullanishni boshladi va davlat to‘ntarishi, terrorchi guruhlarga aloqadorlikda ayblanib siyosiy ta’qibga uchradi. 2004 yilda e’lon qilingan FIFA 100lik ro‘yhatida( Pele tasnifiga ko‘ra ) turklardan Rushtu Rejber va Emre Belozoglular ham joy olishgandi. Darvoqe,  hozir jamoa ustozi rolida yana Shenol Gyunesh ko‘rinish bermoqda. Shunday ekan, 2020 yilgi qit’a birinchligida turklar yana mo‘’jizalar ko‘rsa tishini kutib qolamiz.
Italiya. «Skuadra Adzurra» 4 karra jahon va 1 marta qit’a chempioni hisoblanadi. Jamoa safida Janluiji Buffon eng ko‘p maydonga tushgan. «Moviy gvardiya» to‘purari esa Luidji Riva hisoblanadi(35). «Oltin to‘p»ga loyiq ko‘rilgan italyanlar quyidagilardir: Omar Sivori, Janni Rivera, Paolo Rossi, Roberto Badjo, Fabio Kanavarro.
Germaniya. «Bundestim» 4 bor jahon chempionati(1954, 1974, 1990, 2014), 3 bor Evropa chempionati(1972, 1980, 1996) va bir marta konfederatsiyalar kubogi sohibi(2017) hisoblanadi. «Nemis mashinasi» safida eng ko‘p o‘yinni 1980/2000 yillarda Lotar Matteus o‘tkazgan. Eng qizig‘i shundaki, Matteusdan keying ikki o‘rinni Polshada tavallud topgan polyaklar egallab turibdi( Miraslav Kloze 137, Luskash Padolski 130). «Bundestim» tarixidagi eng yaxshi to‘purar ham polyak Klozedir, uning hisobida 71 gol mavjud. Shuningdek, u mundiallar safidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi(16 gol). Ko‘pchilik nemislar tarixida eng ko‘p murabbiylik qilgan inson 2006 yilda tayinlangan Yoaxim Lyov deb o‘ylaydi. Aslida esa Lyov etakchi bilan hali-beri bahslasholmaydi. Chunki, Zepp Xerberger 1936/1964 yillar mobaynida jami 28 yil milliy jamoani boshqargan. Lyov esa hozircha bu natijaning yarmiga ham etib ulgurgani yo‘q. Nemislardan Gerd Myuller, Frants Bekkenbauer(2 marta), Karl-Xaynts Rummenigge va Matias Zammerlar «Oltin to‘p»ga munosib deb topilganlar.
 
Rossiya. Ruslar jahonda siyosatida gegemonlik uchun kurashishi mumkin, ammo futbolda emas. 2008 yilgi Evropa chempionati yarim finali hozircha rus futboli erishgan kulminatsion nuqta bo‘lib turibdi. Terma jamoa safida 126 bahsda maydonga tushgan Sergey Ignashevich bu borada rekordchi hisoblanadi. Eng ko‘p gol muallifi esa Aleksandr Kerjakovdir, uning hisobida 30 ta gol bor.
 
Angliya. Boshqalarga futbol o‘ynashni o‘rgatgan inglizlar tarixda faqat bir marta mundialni yutdi(1966), xolos. Terma jamoada maydonga tushish borasida yuzlik dovonni quyidagilar oshgan: Piter Shilton(125), Ueyn Runi(120), David Bekxem(115), Stiven Jerard(114), Bobi Mur(108), Eshli Koul(107), Bobbi Charlton(106), Frenk Lempard(106) va Billi Rayt(106). Eng yaxshi goleador esa Runi hidoblanadi, uning hisobida 53 gol bor. Inglizlardan Stenli Metyuz, Bobbi Charlton, Kevin Kigan(2 marta) va Maykl Ovenlar «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishgan.
 
Xorvatiya. Oxirgi mundialda xorvatlar o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qo‘lga kiritdi. Jamoa safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi Dario Srna hisoblaneadi,  uning hisobida 134 ta uchrashuv bor. Terma jamoa to‘purari esa Davor Shuker(45gol). Ikkinchi o‘rindagi Manjukichda 33 gol bor. «Oltin to‘p»ning amaldagi g‘olibi Luka Modrich ushbu natijaga erishgan birinchi xorvat bo‘di.
 
Gollandiya. Gollandlar bir marta qit’a chempioni bo‘lishgan. Terma jamoada en ko‘p o‘yinni Uesli Sneyder o‘tkazgan(134). Haqiqiy GOLland esa van Persi(50 ta gol). «Oltin to‘p» gollandlardan Gullit bir marta, van Basten va Kroyf 3 martadan yutishgan.
Ispaniya. «Furiya Roxa» bir marta jahon chempioni(2010), uch bor Evropa chempioni(1964, 2008, 2012) bo‘lishgan. Ispan futboli tarixidagi eng kuchli avlod o‘yinlarini kuzatganmiz, deb bemalol maqtana olamiz. Zero, 4 yil ichida uch bor eng yirik turnirlarda zafar quchish  ko‘plarning xayoliga ham kelmaydi. Kelajakda «Qizil furiya» tarixidagi eng kuchli futbolchilar sifatida shu avlod vakillari eslanishadi. Terma jamoada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar - Iker Kasilyas va Serxio Ramos. Iker hisobida 167 o‘yin bor, Ramosda undan ikkita kam. Ulardan keying pog‘onani  Xavi va Inesta egallab turibdi. Eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxati: David Vilya(59), Raul(44), Torres(38). Ispanlardan «Oltin to‘p»ga Alfrredo di Stefano(2marta, asli argentinalik bo‘lib, keyinchalik ispan fuqoroligini olgan) va Luis Suarezlar(1960) loyiq ko‘rilgan. 2008/2012 yillarda Ispan futboli dunyoni larzaga  solgan bo‘lsa-da hech bir Ispan futbolchisi eng yaxshi degan nomga munosib topilmadi.
Faxriddin Ro‘ziev
  Manba:    Penalti.uz 
 

04.07.2019, 12:55 40 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish