Mourino bilan birga ishlagan, Ronalduga qarshi o‘ynagan Drulovich!

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich bilan qiziqali suhbat.
Kelasi yilning yanvar oyida Tailandda U-23 Osiyo chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tadi. U erga esa vakillarimiz musobaqaning amaldagi chempioni sifatida tashrif buyuradilar. Xabaringiz bor, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ham ushbu turnirga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Asosiy maqsadimiz esa Tokioda bo‘ladigan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdan iborat. Buning uchun esa vakillarimiz Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etishi talab etiladi. Shuning uchun bosh murabbiylikka serbiyalik taniqli mutaxassis Lyubinko Drulovich taklif qilingan.
U 2013 yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Evropa chempionatida Serbiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida chempionlikni qo‘lga kiritgan. Endi esa O‘zbekiston bilan ham muvaffaqiyatlarga erishishga bel bog‘lagan. Drulovich o‘z vaqtida Portugaliya chempionatida 10 yil davomida to‘p surgan va qator yutuqlarga erishgan. Qolaversa, taniqli murabbiy Joze Mourino bilan ham birga ishlagan. Umuman olganda, Lyubinko ko‘pni ko‘rgan mutaxassis. Kuni kecha o‘zi bilan uchrashib, bir qator qiziqarli masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.  
«Bu erga O‘zbekistonni Olimpiadaga
olib chiqishga ishonganim uchun kelganman»
- O‘zbekistondagi hayotingizga to‘la-to‘kis moslashib keta oldingizmi?
- Men professional murabbiy sifatida ko‘p davlatlarda faoliyat ko‘rsatganman. Shuning uchun har doim yangi mamlakatga kelganimda bu menga ko‘nikishim uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shunday ekan, O‘zbekistonga ham allaqachon moslashib bo‘lganman. Bilasizmi, bu erga kelganimida bizni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati va xodimlari juda iliq kutib olishdi. Qaerga bormaylik, doimo bizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishyapti. Bundan tashqari, olimpiya terma jamoasidagi murabbiylar shtabi va ishchi xodimlar bilan ham juda tez chiqishib ketdik. Mana, hozirgacha ular bilan juda yaxshi munosabatdamiz.
- Ayting-chi, bunga qadar o‘zbek futboli haqida qanday tushunchaga ega edingiz?
- O‘zbekistonga kelishdan oldin ham o‘zbek futboli haqida etarlicha ma’lumotlarga ega edim. Shunisi aniqki, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyodagi kuchli termalardan biri hisoblanishini ham bilardim. Shu bilan birga O‘zbekiston chempionatida ko‘plab serbiyalik futbolchilar to‘p surishadi. Aynan ular orqali ham men o‘zbek futboli to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar olganman. Qo‘shimchasiga yana shuni aytmoqchimanki, yurtingizdagi o‘yinchilar juda iqtidorli. Lekin bunday iqtidor nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda faqat 10 foizni tashkil qiladi. Qolgan 90 foizi esa mehnatdan iborat. Shu bois futbolchi o‘z ustida faqat ishlashi kerak. Bunday usul butun dunyoda qo‘llaniladi. O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar ko‘p deb bejizga aytganim yo‘q. Ular o‘z ustilarida yanada ko‘proq ishlashsa, bu faqat o‘zbek futboli uchun katta yutuq.
IMG_0907
- Sizni bu erga taklif qilishdan maqsad bitta: terma jamoamizni Olimpiada musobaqasiga olib chiqish. Shu bois bunday yuksak vazifa bajarilishi yo‘lida o‘zbekistonlik muxlislar sizga umid ko‘zi bilan qaramoqdalar. Bunday vaziyatda olimpiya terma jamoamiz bilan natijaga erishish yo‘lida sizga ortiqcha bosim bo‘lishi mumkinmi?
- Qaerda ishlashingizdan qat’iy nazar sizga tashqi bosimning bo‘lishi bu tabiiy holat. Lekin biz professionalmiz. Shu bois bunday bosimlar bo‘lishiga ko‘nikib ketganmiz. Aslida ham bunday bosimlar har doim bo‘ladi. Lekin shuni alohida aytib o‘tishim kerakki, agarda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini Olimpiadaga olib chiqishimga ishonmaganimda bu erga kelmagan bo‘lardim. Shuni yaxshi tushunishinglarni istardimki, men bu mamlakatga bekordan-bekorga kelganim yo‘q. O‘zbekistonni Olimpiadaga olib chiqishga ko‘zim etgani uchun ham ishlashga rozilik berganman. Shunday ekan, biz bu jamoa bilan o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarni albatta bajara olamiz. Hozirgi kunda Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun asosiy nomzodlardan birimiz. Kelasi yili Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi va ushbu musobaqaning ham o‘ziga yarasha favoritlari bor. Hozirgi shakllantirayotgan jamoamiz bilan Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Saudiya Arabistoni, Avtsraliya kabi termalarga qarshi bemalol bahslasha olamiz va bu borada imkoniyatlar 50x50. Qaysidir jabhalarda esa ular yoki biz ustunroq bo‘lishimiz mumkin. Lekin biz o‘sha favoritlarni mag‘lubiyatga uchrata oladigan jamoani shakllantirib boryapmiz. Osiyo chempionatida ularga bemalol qarshilik ko‘rsata olamiz deb o‘ylayman.
- O‘sha Osiyo chempionati uchun Toshkentda saralash bahslari o‘tkazilgandi. O‘shanda Tojikistonga qarshi uchrashuvdan keyin aytgan gapingiz ko‘pchilikda e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Ya’ni, jamoamiz yutishi kerak bo‘lgan bahsda nursiz durang qayd etgandi va bu jamoamizning o‘yini ko‘pchilikka yoqmagandi. Ammo siz uchrashuvdan so‘ng jamoamizni fantastik o‘yin ko‘rsatdi deya izoh bergandingiz. Rostdan ham shunday deganmisiz? Agar aytgan bo‘lsangiz nima uchun shu gapni aytgansiz?
- Futbolda eng asosiysi natija turadi. Birinchidan, o‘sha o‘yindan avval shogirdlarim mashg‘ulotlarda amalga oshirgan usullarimiz va ko‘rsatmalarimizni maydonda ko‘rsatib bera olishdi. Shunga asosan yigitlarimiz uchrashuvdan oldingi bergan barcha ko‘rsatmalarimizni bajarishdi. Ikkinchidan, shuning evaziga biz Tojikistondan har jabhada ustunligimizni maydonda ko‘rsata oldik. To‘pni nazorat qilish, hujumlar uyushtirish, aniq paslar soni, umuman aytganda, statistik taraflama biz ularni yutdik. Tojikiston esa butun o‘yin davomida bizning darvozamiz tomon biror marta bo‘lsa ham aniq zarba bera olmadi. Tojikistonliklar himoyada avtobus rejimini qo‘llashdi va oldindan rejalashtirilganidek, faqat durang uchun o‘ynashdi. Ularni maqsadi aynan durangga qaratilgandi. Shogirdlarim men bergan ko‘rsatmalarni bajarishganini ko‘rib, shunga asosan fantastik o‘yin ko‘rsatishdi deya ta’rif berganman. Faqat o‘shanda bizga gol etishmadi xolos. Zamonaviy futbolda eng asosiy narsa bu – maqsad. Bizning maqsadimiz nima edi? Albatta, Osiyo chempionatiga chiqish. Oldimizga qo‘yilgan dastlabki vazifani esa bajardik. Biz uchun asosiysi shu.
DRULOVIChYaNGI
«Serbiya bilan chempionlikdan keyin
hayotimda hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q»
- 2013 yili Serbiya yoshlar terma jamoasini Evropa chempioniga aylantirgan holda tarixdan joy olgansiz. Ayting-chi, o‘sha chempionlikdan keyin hayotingizda nimalar o‘zgardi?
- O‘sha chempionlikdan keyin hayotimda hech qanday katta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Har doim biror yutuqqa erishsam, keyingi maqsadim bundan ham kattaroq muvaffaqiyatlarga erishish bo‘ladi va shunga qarab harakat qilaman. Aslida O‘zbekistonga yangi marralarni zabt etish uchun kelganman. Nasib qilsa, O‘zbekiston bilan barcha o‘ylagan maqsadlarimizga erishib, o‘zbek futboli tarixidan joy olish niyatim bor. Men har safar yangi marralarni zabt etish ishtiyoqida kurashaman. O‘zbekiston esa bu borada men uchun ajoyib chorlov.
- Yana o‘sha Evropa chempionatiga qaytadigan bo‘lsak, bugungi kunda yulduz darajasiga ko‘tarilgan Mitrovich, Milinkovich-Savich va yana boshqa taniqli futbolchilar o‘sha paytda sizning qo‘l ostingizda to‘p surishgan. Xo‘sh, ular bilan hozir ham aloqadamisiz?
- Ba’zilari bilan aloqamiz bor, yana ba’zilari bilan aloqamiz yo‘q. Buni normal holat deb hisoblayman. Axir bu – hayot. Lekin bir narsani alohida aytishim kerakki, o‘sha paytdagi tarkibimizdagi aksariyat o‘yinchilarning tinimsiz mehnati va harakatlari natijasida bugungi kunga kelib nomdor futbolchilar darajasigacha ko‘tarilib borishdi. Oddiy misol, o‘sha paytda bizning safimizda o‘ynagan futbolchilardan etti nafari bugungi kunga kelib Serbiya milliy terma jamoasi tarkibida to‘p surishyapti. Mana, hozirda O‘zbekiston olimpiya terma jamoamizdan uch nafar futbolchi milliy terma jamoa safiga qo‘shilishdi. Umid qilamanki, yaqin kelajakda yana boshqa yigitlarimiz ham milliy termada o‘ynay oladilar. Olimpiya jamoamiz esa buning uchun ularga tramplin vazifasini bajaradi. Bu borada ham ularga yordam berishga harakat qilaman.
drulovich555
«Mourino menga ko‘p yordam bergan»
- Internet orqali siz haqingizdagi ma’lumotlarni izlaganimizda uchta fuqarolikka egaligingizni ko‘rdik. Serbiya, Portugaliya va sobiq Yugoslaviya. Uchta fuqarolik sizga nima uchun kerak?
- Ilgari Serbiya Yugoslaviyaning tarkibida bo‘lgan. Qachonki, Yugoslaviya bo‘linib ketganidan keyin Serbiya alohida davlatga aylandi. Shu bois menda endilikda ikkita fuqarolik bor: Serbiya va Portugaliyaniki. Serbiya tug‘ilib o‘sgan vatanim bo‘lsa, Portugaliyada «Portu»da o‘ynaganman va shuning uchun ushbu mamlakat fuqaroligini ham olganman.
- Sizdan aynan Portugaliyadagi futbolchilik faoliyatingiz haqida ham so‘ramoqchi edim. Siz u erda uzoq vaqt davomida «Portu» sharafini himoya qilgansiz va keyin «Benfika»da ham to‘p surgansiz. Bir so‘z bilan aytganda, Portugaliya futbolida ham o‘zi xos nom qoldirgansiz. O‘sha paytlarda esa Joze Mourino va Krishtianu Ronaldu hozirgidek mashhur emasdilar va ular endi ko‘zga tashlanish bosqichida edilar. Portugaliyadagi faoliyatingiz haqida gap ketganda, nimalarni ayta olasiz?
- Portugaliyada 10 yil davomida to‘p surganman. O‘zingiz aytganingizdek, «Portu» va «Benfika» jamoalarida o‘ynaganman. Portugaliya haqida har doim menda ajoyib xotiralar qolgan. U erda Portugaliya chempioni, Superubogi va yana bir qator g‘alabalarga erishganman. «Portu»da o‘ynagan paytimda marhum Bobbi Robson bosh murabbiy edi. Joze Mourino esa unga yordamchi bo‘lib ishlardi. Aytishim kerakki, 2,5 yil davomida Mourino bilan birga ishlaganmiz. Joze bilan juda yaxshi aloqaga egaman va biz do‘stmiz. Hozirgacha u bilan gaplashib turamiz. Serbiya terma jamoasini boshqargan paytimda esa Mourino menga juda katta yordam bergan. «Portu»dan «Benfika»ga o‘tganimda esa Krishtianu Ronaldu va Rikardo Kuarejmaga qarshi ham o‘ynaganman. O‘sha paytlarda ular «Sporting»da faoliyatini endi-endi boshlashayotgandi. Ronaldu haqida nima deyishim mumkin? U barcha yosh futbolchilar uchun ajoyib namuna. Agar yoshlar unga qarab o‘sadigan bo‘lishsa, bu faqat foydali bo‘ladi. Ronalduni har doim o‘z ustida ko‘p ishlagan va mehnatsevar futbolchi sifatida bilaman.
IMG_0922
«Menga Evropa chempionlar ligasi g‘olibligi etishmaydi»
- Siz uchun kim kuchli: Messimi yoki Ronaldumi?
- Birirchi navbatda Krishtianuni juda hurmat qilaman. Boya aytganimdek, uni barcha yosh futbolchilarga namuna sifatida ko‘rsata olaman. Oxirgi bor oltin to‘pni qo‘lga kiritganidan keyin u shu yoshida ham o‘zi uchun yangidan-yangi marralarni zabt etish uchun maqsadlarni qo‘ymoqda. Shuning uchun ham Ronalduni hurmat qilaman. Messiga kelsak, men ikkala futbolchini bir xil darajadagi o‘yinchilar deb hisoblayman. Ularni bir-biridan ustun qo‘yib ko‘rsatish niyatim yo‘q. Lekin men hamma vaqt Ronalduga qoyil qolganman.
- Siz «Portu» uchun ko‘p mehnat qilgansiz. Lekin u erdan ketganingizdan keyin oradan ko‘p vaqt o‘tmay «Portu» avvaliga UEFA Kubogini, keyin esa chempionlar ligasini yutdi. O‘sha tarkibda bo‘lmaganingizdan afsuslanmaganmisiz?
- Yo‘q, menga alam qilmagan. Men o‘shanda 35 yoshga to‘lgandim va o‘z yurtimga qaytib, «Partizan» safida o‘ynayotgandim. O‘shanda Evropa Chempionlar ligasining guruh bosqichida «Partizan» bilan birga «Real», «Portu» va «Marsel» jamoalari joy olishgan va ularga qarshi o‘ynaganmiz. Aynan o‘sha yili «Portu» chempionlar ligasi g‘olibiga aylangandi. Tan olish kerakki, o‘sha yili chindan ham «Portu» hammadan kuchli edi. Lekin menda sira xafagarchilik bo‘lmagan. Axir vaqt oliy hakam va yoshim ham o‘tib borayotgandi. Bilasizmi, mening futbolchilik faoliyatimda bitta sovrin etishmaydi: u ham bo‘lsa, Evropa Chempionlar ligasi g‘olibligi. Men futbolchi sifatida 14 ta sovrin yutganman. Lekin chempionlar ligasi g‘olibligi menga etishmaydi.
- Qiziq savol. Ba’zida murabbiylar o‘z jamoasi bilan biror maqsadga erishmoqich bo‘lsa, o‘ziga xos va’dalarni berishadi. Masalan, Bora Milutinovich o‘z vaqtida Xitoyni boshqarganida, terma jamoa jahon chempionatiga chiqa olmasa, o‘zini buyuk Xitoy devoridan tashlashi haqida aytgan. Valeriy Gazzaev esa TsSKA bilan UEFA Kubogini yutsa mo‘ylovini oldirib tashlashi haqida aytgan. Siz O‘zbekiston bilan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga  kiritsangiz, yoqimli ana’nangizdan voz kechish uchun qanday  va’da berasiz?
- Men uchun eng muhim narsa – O‘zbekistonni Olimpiadaga olib chiqish va O‘zbekiston tarixiga kirish. Mening bosh maqsadim ham shu. Bora Milutinovich yoki Valeriy Gazzaevning aytgan gaplariga qiziqishim yo‘q. Maqsadim O‘zbekistonda natija ko‘rsatib, tarixdan joy olish.
 

16.06.2019, 13:02 96 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish